O‘zbekistonda 6 fevraldan tashabbusli budjetlashtirishning yangi mavsumi boshlandi, uning doirasida fuqarolar mahalliy budjetning bir qismini taqsimlashda ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashabbusli yoki partisipator budjetlashtirish — aholining tashabbuslarini hisobga olgan holda budjet mablag‘larining muayyan bir qismini sarflash bo‘yicha ularning bevosita ishtirokida qarorlar qabul qilish hamda qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyoti.

«Ochiq budjet» portali orqali takliflarni yo‘llash 20 kun — 26 fevralgacha davom etadi (hozirgacha 1500 dan ortiq tashabbuslar kelib tushgan).

Shundan so‘ng takliflarni ko‘rib chiqish va saralash bosqichi boshlanadi — 26 fevraldan 18 martgacha. Ovoz berish esa 18 martdan 7 aprelga qadar belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida maktablar, yo‘llar va boshqa obyektlarni ta’mirlash bo‘yicha fuqarolarning tashabbuslari uchun 7,8 million ovoz to‘plangan «Tashabbusli budjet»ning ikkinchi mavsumi yakunlangan. Fuqarolar takliflarini amalga oshirish uchun jami 1 trillion 700 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.

oktabr oyida prezident videoselektor yig‘ilishida «Tashabbusli budjet» loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini aytgandi. Shuningdek, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 mlrd so‘m ajratishga ko‘rsatma bergan.

2023 yildan boshlab fuqarolar viloyat budjeti qo‘shimcha daromadlarining 30 foizini (bundan oldin faqat tuman va shahar), mahalla infratuzilmasi uchun mablag‘lar esa faqat «Tashabbusli budjet» orqali taqsimlanishi mumkin. Natijada 2023 yilda 3,5 barobar ko‘p — 8 trillion so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» mazkur platforma va undan foydalanish tartiblari haqida qo‘llanma tayyorlagan.