Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekistonga suyultirilgan gazni yordam sifatida berish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda shanba kuni mamlakat televideniyesining «Vatan» axborot dasturida xabar berildi.

Hujjatda «Turkmangaz» davlat konserniga «do‘stlik va birodarlik yordami sifatida O‘zbekistonga tegishli hajmdagi suyultirilgan gaz yetkazib berish» topshirilgani keltirib o‘tilgan.

Shu bilan birga, suyultirilgan gaz hajmi aniq ko‘rsatilmagan. O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati hozircha «Gazeta.uz» so‘roviga javob bermadi.

Dekabr-yanvar oylarida O‘zbekiston harorat keskin sovib ketishi, gaz va elektr energiyasi iste’moli ortishi sababli energetika inqiroziga duch keldi. Mamlakatda gaz quyish shoxobchalari yopildi, elektr energiyasi uzilib qoldi va uzilishlar ta’sirini yumshatish uchun boshqa choralar ko‘rildi.

Xususan, O‘zbekiston Turkmaniston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri (Rossiya ishtirokisiz) qishda 1,5 milliard kub metr gaz importi bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Dekabr oyi boshida prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov topshirig‘iga asosan 2023 yilning 1 martigacha davlat muassasasiga qarashli mashinalarga gazdan foydalanishni vaqtincha taqiqlangan. Shuningdek, 2 oy muddatga Ai-80 benzini importi va uni chakana sotish uchun aksiz solig‘i undirish bekor qilingan.