O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining 30 yanvardagi qarori bilan sobiq Toshkent shahri hokimi va xalq deputatlarining Toshkent shahar Kengashi deputati Jahongir Ortiqxo‘jayev Oliy Majlis Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqarildi.

Qaror xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati vakolatlari muddatidan oldin tugatilgani, shuningdek, uning Senat a’zosi sifatidagi vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risidagi yozma arizasini hisobga olgan holda qabul qilindi.

Avvalroq, 27 yanvar kuni Toshkent shahar Kengashi Jahongir Ortiqxo‘jayevning deputatlik vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullagan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokimning iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. «Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on „svodka“ bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim», — dedi davlat rahbari.

Shu kuni «Gazeta.uz» manbasi sobiq hokim va uning oilasi Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Turkiyaning Istanbul shahriga kechikib uchgan HY 271 reysi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi. Lekinyo‘lovchilar orasida Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘lmagan.