«Gazeta.uz» bir kun avval Nukusdagi ko‘p qavatli uyda gaz portlab, vayronalar ostidan jasadi qutqaruvchilar tomonidan topilgan erkakning shaxsini aniqladi.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, u 1980 yilda tug‘ilgan Salamat Raziyev bo‘lib, uchinchi qavat 30-kvartirada yashagan, portlash esa yuqori qavatda — 32-kvartirada sodir bo‘lgan.

Salamat Raziyev nogiron bo‘lib, 10 yildan ortiq vaqt davomida davolanib kelayotgan bo‘lgan. Shanba kuni u kasalxonadan uyiga qaytgan. Bu portlash sodir bo‘lishidan bir soat oldin ro‘y bergan.

Voqeadan keyin telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagani uchun yaqinlari uni tom qulashi oqibatida vafot etgan deb taxmin qilgan.

«U yerda omon qolishning imkoni deyarli yo‘q edi. Hamma qavatlar pastga qulab tushgan», — dedi Salamat Raziyevning qarindoshi. Dafn marosimi seshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq qutqaruvchilar vayronalar ostidan 5 yoshli qizni olib chiqqani, u tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida yozgan edik. Bir kun avval esa ikki kishi kuyish jarohati olgani xabar qilingandi.

Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Respublika prokuraturasiga ko‘ra, holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Hozirda aybdor shaxslar doirasini aniqlash, ularni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi hal etilmoqda.