Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida 29 yanvar kuni gaz portlagani xabar qilingandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining holat yuzasidan taqdim etgan qo‘shimcha ma’lumotiga ko‘ra, vayronalar ostida qolib halok bo‘lganlar soni 5 nafarga yetdi.

Qayd etilishicha, soat 16:15 da Nukus shahri «Temir jol» MFYdagi 4 qavatli uyning to‘rtinchi qavatida joylashgan xonadonlarning birida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Yuzaga kelgan kinetik zarba sabab bino konstruksiyalariga shikast yetgan.

30 yanvar kuni soat 02:30 da qutqaruvchilar tomonidan turli darajadagi jarohatlar bilan vayronalar ostida qolib ketgan 5 yoshli qizaloq chiqarib olinib, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan. Shuningdek, oradan 30 daqiqa o‘tib, bino konstruksiyalari orasidan bir nafar fuqaroning jasadi topilgan.

Erta tongga kelib, vayronalar ostidan yana 4 nafar fuqaroning jasadi topilib, jami halok bo‘lganlar 5 nafarga yetgan. Voqea joyida favqulodda vaziyatlar vaziri boshchiligida hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Gazeta.uz» qutqaruv ishlari davomida uy vayronalari ostidan jasadi topilgan erkakning shaxsini aniqlagandi. U Salamat Raziyev bo‘lib, portlash sodir bo‘lgan kvartiraning pastki qavatida yashagan.

Respublika prokuraturasiga ko‘ra, holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Hozirda aybdor shaxslar doirasini aniqlash, ularni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi hal etilmoqda.