Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng Humo va Uzcard to‘lov tizimlari o‘zaro integratsiya jarayoniga kelishib oldi. Bu haqda 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Uzcard xususiy korxona bo‘lgani uchun ma’lum jihatdan qiyinchiliklar bo‘ldi. Hozir biz kelishuvga erishdik va ishlarni boshladik. Bu qanday tugashini hozir bilmayman. May oyigicha bankomatlarni integratsiya qilish bo‘yicha texnologik jarayonni boshladik. Ikkinchi etapimizda terminallarimizni integratsiya qilish bo‘yicha rejalarimiz bor», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, integratsiyaning kechikishiga ayrim xizmatlar uchun komissiyalar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha kelishuvlar sabab bo‘lgan.

«Biz Markaziy Bank sifatida bu operatsiyalarga tijoriy talablarimiz yo‘q. Biz ma’lum bir operatsiyalarni komissiyasiz qiladigan bo‘lsak, Uzcard — komissiya bilan qilar edi. O‘sha joylarda kelishish kerak bo‘ldi. Va bugungi kunda biz o‘sha kelishuvga erishdik. Kecha «yo‘l xaritasi»ni tasdiqladik, bu bo‘yicha ishlarning may oyida tugashini kutyapmiz», — dedi MB rahbari.

Mamarizo Nurmuratov birinchi marta 2020 yil sentabr oyida ikkita to‘lov tizimlarini integratsiyalash rejasini e’lon qilgan edi.

2021 yil dekabr oyi oxirida Uzcard va Humo o‘zaro integratsiyaning birinchi bosqichini yakunlayotgani xabar qilingan edi. Ikkita to‘lov tizimining terminallari ikkala kartani ham qabul qila oladi. Ushbu xususiyat paydo bo‘lishi uchun banklar terminallarini qanday yangilash bo‘yicha ko‘rsatmalar olishlari kerak edi.

2022 yil iyulida Markaziy bank rahbari Humo va Uzcard o‘zaro integratsiya bo‘yicha ish olib borishda davom etishini, biroq bu jarayon ma’lum qiyinchiliklar bilan davom etayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Uzcard` ayrim shartlari Humo`ga to‘g‘ri kelmagan.