Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda oilaviy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishini ta’kidladi. Bu haqda uning matbuot kotibi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2023 yilda:

  • tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha oshiriladi;
  • dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 mln so‘mgacha oshiriladi (amalda 33 mln so‘m);
  • avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija ko‘rsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi (hozir faqat bir marta olish mumkin);
  • kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 2023 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trln so‘m beriladi (2022 yilda — qariyb 10 trln so‘m). Prezident imzolagan tegishli qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikka qo‘shimcha 300 mln dollar ajratiladi.

Yig‘ilishda ilgari ajratilgan kreditlarning qaytarilishi masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Mutasaddilarga ushbu masalani qat’iy nazoratga olish topshirildi.

«Hokimlar bu mablag‘larni qaytarishni o‘ylamasa, oilaviy tadbirkorlik qayerdan bo‘ladi? Axir bu pullar qaytsa, yana tumanning o‘ziga beriladi-ku!» — dedi prezident.

Bundan tashqari, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri budjetdan ajratilgan 1,5 trln so‘mni avvalo eng og‘ir mahallalarda kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirish bo‘yicha dastur ishlab chiqadi. Bosh vazir o‘rinbosari va bandlik vazirligi viloyat hokimliklari bilan birga jalb qilingan 135 mln dollarlik kredit liniyasi bo‘yicha og‘ir mahallalar kesimida tadbirkorlik loyihalari paketini shakllantiradi. Ushbu mahallalarda kamida 50 ming aholini band qilish vazifasi qo‘yildi, deyiladi xabarda.

Prezident tadbirkorlik subyektlarini ko‘paytirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy qilish zarurligini qayd etdi. Masalan, o‘tgan yili Buxoroda — 8 ta, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryoda — 2 tadan, Toshkent viloyatida — 1 ta tumanda yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgan. Ularning soni 2021 yilga nisbatan 30−40 foizga kamaygan.

Eng og‘ir ahvol Andijon, Termiz va Kogon shaharlari, Jalaquduq, Marhamat, Olot, Qorako‘l, Shofirkon, Mingbuloq va Qibray tumanlarida qayd etildi. Prezident ushbu hududlar hokimlarining bu boradagi faoliyati qoniqarsizligini ko‘rsatib o‘tdi.

Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birga ikki hafta muddatda ushbu tumanlarga borib, mavjud sharoitlarni o‘rganish, ularning har biri bo‘yicha tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.