Milliarder Alisher Usmonov «nafaqaga chiqqani va faol mehnat faoliyatini yakunlagani munosabati bilan» Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi boshqaruvi byurosi a’zoligidan ozod qilinishni so‘radi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Usmonovning ittifoq rahbari nomiga yozgan xati BRIEF Telegram kanalida e’lon qilingan. RBK suhbatdoshi hujjatning haqiqiyligini tasdiqlagan.

Nashrning ittifoqdagi boshqa manbasiga ko‘ra, 25 yanvar kuni kasaba uyushmasi byurosining yig‘ilishi bo‘lib, unda tadbirkorning arizasi ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Ittifoq vakili ushbu ariza bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan. RBK Usmonov vakiliga so‘rov yuborgan.

Usmonov «Metalloinvest», «Udokanskaya med» va «MegaFon»ni o‘z ichiga olgan USM guruhining asoschisi va eng yirik aksiyadori (49%) hisoblanadi. U Forbes talqini bo‘yicha rossiyalik eng boy milliarderlar ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egallab turibdi. Jurnal uning boyligini 11,5 milliard dollarga baholagan.

2022 yil fevral oyidan beri tadbirkor Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolmoqda, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Yaponiya ham unga qarshi sanksiyalar kiritgan. O‘z navbatida, rossiyalik milliarder YeI kengashining unga nisbatan sanksiyalar qo‘llash haqidagi qarorini bekor qilishni talab qilib, Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

O‘zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqidan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragan, chunki «cheklovlar tadbirkorning mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishiga to‘sqinlik qilmoqda».

Spiegel nashrining yozishicha, Germaniyaning Alisher Usmonovga nisbatan tergovi mamlakatning O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlarini yomonlashtirgan. Germaniyada tadbirkor Alisher Usmonov ustidan olib borilayotgan tergov Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni keskinlashtirdi, — deya xabar qilgan jurnal.

Eslatib o‘tamiz, Usmonov Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli Xalqaro qilichbozlik federatsiyasiga rahbarlikni «adolat tiklanmaguncha» to‘xtatib turishga qaror qilganini bildirgan. YeI hujjatida uning Qrim anneksiyasi va Ukrainadagi beqarorlik uchun mas’ul bo‘lgan Rossiya rasmiylarini qo‘llab-quvvatlagani aytilgan.