Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 15 dekabrdagi hisobotiga ko‘ra, bir kun avval — 14 dekabr kuni O‘zbekistonda 134 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bu vazirlikning O‘zbekistondagi kovid statistikasiga doir so‘nggi axboroti bo‘ldi. SSV shundan beri — bir oydan ortiq davrdan buyon — mamlakatdagi koronavirusga chalinish bilan bog‘liq raqamlarni e’lon qilmayapti.

Xalqaro press-klubning 18 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida ushbu holat bo‘yicha «Gazeta.uz» muxbirining savoliga javob berarkan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (SES) boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov kovidga doir statistik ma’lumotlar SSV, SES va AOKAning tarmoqlardagi sahifalarida berib borilayotganini ta’kidladi.

Muxbirning kovidga doir statistik raqamlar 2022 yil 15 dekabrdan buyon biror bir rasmiy manbada e’lon qilinmayotganini takroran ta’kidlaganidan so‘ng, SES boshlig‘i o‘rinbosari shunday dedi:

«Hozir O‘zbekiston sharoitida kuniga 20 ga yaqin bemor ro‘yxatga olinyapti. Zangiotadagi koronavirus kasalxonasida bor-yo‘g‘i 400 bemor davolanyapti. Karantinga olinganlar soni ham kundan-kunga kamayib boryapti. Vaziyat barqaror bo‘lganligi uchun, bu kabi axborotlar bilan odamlarga ortiqcha yuklama bermaslik nuqtayi nazaridan, ehtiyoj sezmayotgandek his qilyapmiz».

Shundan so‘ng Nurmat Otabekov muxbir so‘ragan «axborot taqdim etib borilayotgani»ni yana takrorladi. Ayni vaqtda, u «bunga yana aniqlik kiritib, mabodo qayerdadir uzilish bo‘lgan bo‘lsa, bu jarayonni qaytadan tiklash yoki e’tiborli bo‘lish bo‘yicha mas’ullarni mas’uliyatga chaqirishi»ni ham ma’lum qildi.

O‘z navbatida, Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda kunlik kasallanish holatlari keskin kamayganligi uchun kovidga doir statistik ma’lumotlarni e’lon qilish to‘xtatilganini bildirdi.

Qayd etish joiz, 2022 yilning dekabr oyida SSV ma’lumotlari bo‘yicha kuniga o‘rtacha 100−120 ta kasallanish qayd etilayotgan edi. Kovid bilan bog‘liq vaziyat dekabrdagidan barqarorroq bo‘lgan 2022 yil bahorida esa kuniga 5, 3 va hatto 1 ta kasallanish qayd etilganida ham axborot berilishi to‘xtatilmagan edi.

Bunga javoban SSV matbuot kotibi shunday dedi: «Bu statistika hozir hech kimga qiziq emas. Qolaversa, hozir aksariyat davlatlar ham koronavirus statistikasini e’lon qilmayapti».

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga doir Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilib kelingan statistik raqamlarning haqqoniyligiga pandemiya boshidan beri shubha bilan qaraladi. Bu shubhalar mamlakatda «ortiqcha o‘lim» holatlari keskin oshganidan so‘ng qisman tasdiqlangan edi.