Termiz davlat universiteti akademik litseyi qozonxonasida 16 yanvar kuni portlash yuz berib, oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan va yana bir kishi tan jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. «Gazeta.uz» muxbiri hodisa guvohlari va jabrlanuvchisi bilan suhbatlashdi.

Litsey qorovuli Safar Ravshanov portlash va uning oqibatlari haqida gapirarkan, voqeadan hali ham o‘ziga kela olmayotganini ta’kidlaydi. Ta’til tugashiga ikki kun qolgani sababli (keyinchalik ta’til yana uzaytirildi), hodisa yuz bergan kuni barcha o‘qituvchi va xodimlar o‘qishga tayyorgarlik ko‘rish uchun ishga chiqqan bo‘lgan.

Safar Ravshanov.Safar Ravshanov.

«Soat ertalabki 10:30 lar edi, men yotoqxona yonidagi daraxtlarni qordan tozalayotgan edim. Birdan ishchi ayollarimizning baqirgan ovozi eshitildi. Qop-qora tutun ko‘tarilgan joyga qarab yugurdim. Borsam, ikkita tana yotibdi — yuzlari, badanlari kuyib ketgan, faqat suyak qismi qolgan. Buni gapirishning o‘zi dahshat», — deydi u.

Safar akaning aytishicha, qozonxona eshigi oldida «tokni o‘chirmoqchi bo‘lganu, lekin qozonxonaga kirishga ham ulgurmay qolgan» litsey elektrigining, uning yonida esa litsey bosh hisobchisining tanasi kuygan holda yotardi. Yaqin qarindosh bo‘lgan har ikkala qurbon, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash zarbidan halok bo‘lgan. Portlash zarbi shu qadar kuchli bo‘lganki, qozonxona qopqog‘ining bir qismi uchib, yon tomondagi devorni buzib yuborgan.

portlash, терmiz, қиш

«Qozonxona birdan portlab ketgan… Hamma qo‘rqib ketgan, sarosimaga tushib qolgandi. Litsey rahbariyati menga jasadlarni o‘rab qo‘yishni buyurdi. Yotoqxonadan borib, choyshab olib kelib, o‘rab qo‘ydim. 10 daqiqa ichida uchta tez yordam mashinasi yetib keldi, keyin rahbarlar, yana boshqa ko‘plab shaxslar ham keldi», — keldi deydi qorovul. Hodisa yuzasidan berilgan rasmiy axborotda ham voqea joyiga, jumladan, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ham kelgani ma’lum qilingan edi.

Qozonxonadan sal nariroqda litseyning xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudiri Nurali Xolto‘rayev hushsiz holda yotgan bo‘lgan. Qorovul uni ham turg‘azib, o‘ziga keltirgan. So‘ng uni tez yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM)ning Surxondaryo filialiga olib ketishgan.

Litsey qorovuli Safar Ravshanov portlashning ikki qurboni — bosh hisobchi va elektrik qozonxonaga nega borganini bilmasligini ta’kidladi. Ayni vaqtda RSHTYOIMning Surxondaryo viloyati filialida davolanayotgan Nurali Xolto‘rayevning ta’kidlashicha, portlash muzlab qolgan qozonxonani yoqib, quvurlardagi muzlarni elektr toki yordamida eritishga urinish oqibatida yuz bergan.

«O‘quvchilar 18 yanvargacha ta’tilda edi. Ta’til bo‘lsa ham, kotyol (qozonxona)miz o‘chirilmadi, doimo yoniq edi. Sovuq boshlangach, kotyolda elektr muammo bo‘laverdi. Elektrigimiz muammoni hal qilolmagach, hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan vakil ham chaqirgan edik. Keyin gaz o‘chib qolgan — kotyoldan chiqqan suv chiqqan, qolgani esa qolavergan, oqibatda quvurlar muzlab qolgan», — deydi u.

Nurali Xolto‘rayevning ta’kidlashicha, u muzlar erimagunicha quvurlarga ham, qozonxonaga ham teginmaslik kerakligini aytgan. Ammo rahbariyat qozonxonani yoqish kerakligini aytgan. «Kotyolni yoqamiz, deyishdi. Bosh hisobchi sozlash uchun kerak bo‘ladigan mahsulotlarni sotib olib berishini aytgan edi. Quvurlardagi muzlarni elektr toki orqali eritamiz, deb kotyolni yoqishdi va portlash sodir bo‘ldi», — deydi u.

Qayd etish joiz, hodisa yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan berilgan axborotda portlash «litsey binosini isitishga mo‘ljallangan qozonxonada tashqi tomon quvurlarining muzlab qolishi oqibatida ortiqcha bug‘ to‘planib, ichki bosim yuqori darajada ortib ketishi natijasida» yuz bergani ta’kidlangan.

Portlash yuz bergan vaqtda Nurali Xolto‘rayev yotoqxona quvurlarini ko‘rib chiqib, litsey hovlisi bo‘ylab ketayotgan bo‘lgan. «Nima bo‘lganini, hech nimani eslay olmayman. Hushimni yo‘qotib, yo‘lda yiqilib qoldim. O‘rnimdan tursam, kiyimlarim ho‘l. Keyin tez yordam mashinasida olib ketishdi, jarohatlangan oyog‘imni bog‘lab qo‘yishdi. Hech nimani sezmay qolgandim, endi og‘riqlarni sezyapman. Boshimni ko‘tarolmayapman, oyoqlarim shishib ketgan», — deydi Nurali Xolto‘rayev.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filiali shifokori Bobomurod Uzoqovning so‘zlariga ko‘ra, Nurali Xolto‘rayevning hozirgi holati qoniqarli. «Olib kelinganida yuz sohasida lat yeyish va o‘ng boldir sohasida ham jarohat bor edi», — dedi shifokor. U halok bo‘lgan fuqarolar haqida ma’lumotga ega emasligi, ularning jasadi bu yerga olib kelinmaganini ma’lum qildi.

portlash, терmiz, қиш

Litsey direktori Nilufar Karimovaning «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qilishicha, uning o‘zi va o‘rinbosarlari hozirda tergov jarayonlarida ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun, TerDU litseyidagi portlash yuzasidan Termiz shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘luvchi mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.