16 yanvar kuni Termiz davlat universiteti akademik litseyi binosini isitishga mo‘ljallangan qozonxonada tashqi tomon quvurlarining muzlab qolishi oqibatida ortiqcha bug‘ to‘planib, ichki bosim yuqori darajada ortib ketib, portlash sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Portlash oqibatida xodimlar P.A. va B.A. zarb tufayli tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etdi. Yana bir xodim N.X. jarohat olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo filialiga yotqizildi.

Voqea joyiga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshliqlari hamda boshqa mas’ullar, shuningdek, tezkor-tergov guruhi a’zolari yetib kelgan.

Holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi (Odam o‘lishiga sabab bo‘luvchi mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Olib borilayotgan tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Avvalroq Sirdaryo viloyati Xovos tumanida gaz portlashi tufayli 2 kishi vafot etib, 1 kishi jarohat olgandi. Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlangan.