13, 14, 15 yanvar kunlari 766/765-sonli Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishidagi «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlari qatnovlarining 3 ta reysi bekor qilinadi, deya xabar bermoqda «O‘ztemiryo‘lovchi» AJ matbuot xizmati.

Kompaniya bu qarorni kuzatilayotgan anomal sovuq ob-havo tufayli yo‘lovchi poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlash va ularni o‘z manzillariga yetkazish davomida noqulayliklar kelib chiqishining oldini olish bilan izohladi.

Yo‘lovchilar o‘z manzillariga yetib olish maqsadida quyidagi muqobil yo‘lovchi poyezdlardan foydalanishlari tavsiya etildi:

  • 12-sonli Toshkent-Buxoro («Sharq» poyezdi);
  • 56-sonli Toshkent-Buxoro-Xiva;
  • 58-sonli Toshkent-Buxoro-Shovot;
  • 72-sonli Toshkent-Buxoro-Olot;
  • 125-sonli Andijon-Toshkent-Buxoro-Xiva.

Xarid qilingan chiptalarni temiryo‘l chiptaxonalarida, elektron tarzda sotib olinganlarini chipta.railway.uz saytida qaytarish mumkin. Ular 100 foiz qiymatda qaytariladi, deyiladi xabarda.

Avvalroq «O‘ztemiryo‘lovchi» anomal sovuq ob-havo tufayli 13 yanvar kuni poyezdlar harakat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritilishini ma’lum qilgandi.