Qashqadaryo viloyat Chiroqchi tumanida o‘zini prokuratura organi xodimi sifatida tanishtirgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zini Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tezkor xodimi deb tanishtirgan shaxs direktor Z.R. dan maktabda tekshirish o‘tkazmaslik evaziga 400 dollar talab qilgan. Shundan 2,2 mln so‘mni turmush o‘rtog‘ining plastik kartasiga o‘tkazib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida o‘zini departament xodimi deb tanishtirgan fuqaro aslida hech qayerda ishlamaydigan, muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan Koson tumanida yashovchi A.T. ekani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasiga yuborilgan.