Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga asosan hududdagi ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda hokimliklarga ta’lim tashkilotlarida qishki ta’til davrini uzaytirish yoki uzaytirmaslik vakolati berilganini ma’lum qildi. Ushbu bayon munosabati bilan respublika viloyatlarida o‘quv jarayonlari turli vaqtlarda — 11, 12, 13, 16 va 18 yanvardan boshlanishi reja qilindi.

Toshkent shahri

Poytaxt hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 11 yanvardan boshlab shahardagi umumta’lim maktablarida ularning sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, bosqichma- bosqich o‘quv jarayonlari boshlanishi belgilandi.

Bu boradagi qaror maktablar rahbariyati tomonidan ota-onalar kengashi bilan kelishgan holda qabul qilinishi tavsiya etilgan.

Namangan viloyati

Viloyat maktablarida o‘qish 11 yanvardan boshlanishi ma’lum qilingan. Hududdagi 5 ta oliy o‘quv yurti, 63 ta texnikum, kollej va kasb-hunar maktablarida o‘qishlar boshlanishi belgilangan.

686 ta umumta’lim maktabida, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda ham o‘qish 11 yanvar kunidan boshlanishiga qaror qilingan, 24 ta maktabda bosqichma-bosqich boshlanishi bildirilgan.

Namangan shahridagi 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda 40-sonli maxsus maktab internatidan tashqari barcha o‘quv dargohlarida darslar boshlanishi qo‘shimcha qilingan. Bu ikkita maktabda darslar kelasi haftadan boshlanishi rejalashtirilgan.

Andijon viloyati

Ushbu viloyatdagi ta’lim muassasalarida 11 yanvardan rasman o‘quv jarayonlari boshlandi. Shu bilan birga, ta’lim muassasalarining kelgusi faoliyati ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda tashkil etilishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari (bog‘chalar)da ta’til kunlari davom etishi ma’lum qilindi.

Bog‘chalarni ochishga shoshilmaymiz. Bu masalani yanada puxta ko‘rib chiqish kerak, deb o‘ylayman. Hozircha ta’til kunlari davom etadi. Xulosalar bo‘yicha yana muhokamaga qaytamiz, — dedi viloyat rahbari Shuhrat Abdurahmonov.

Jizzax viloyati

Xalq ta’limi boshqarmasiga ko‘ra, viloyatda 555 ta umumta’lim maktabi mavjud bo‘lib, 261 616 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Hududlardan olingan tezkor ma’lumotlar asosida 11 yanvar kunidan jami 140 ta maktabda dars mashg‘ulotlarini tashkil etish imkoniyati mavjudligi aniqlanib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Mazkur ta’lim muassasalarining 14 tasi ko‘mir yoqilg‘isi, 122 tasi gaz yoqilg‘isi, 1 tasi suyuq yonilg‘i, 2 tasi elektr energiyasi va 1 tasir markazlashgan issiqlik tizimi bilan isitiladi.

Shuningdek, asosiy umumta’lim maktablari viloyatning tog‘li va olis hududda joylashgani, havo harorati keskin sovigan vaqtda transportda borish qiyinlashgani, masofaning uzoqligi sababli 415 ta umumta’lim muassasasida o‘quv jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Buxoro viloyati

Viloyat XTBga ko‘ra, hududdagi umumta’lim maktablarida 11 yanvardan an’anaviy o‘quv jarayonlari boshlandi.

Samarqand viloyati

Bugungi kunda viloyatda jami 13 ta oliy ta’lim, 73 ta o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi hamda 1255 ta umumta’lim maktablari mavjud. 11 yanvar kunidan 950 ta umumta’lim, 71 ta o‘rta-maxsus ta’lim va 13 ta oliy ta’lim muassasasida an’anaviy shaklda darslar boshlandi.

Shuningdek, havo harorati keskin sovigan vaqtda transportda borish qiyinligi, masofa uzoqligi va zarur issiqlik bilan ta’minlash imkoniyati cheklangani sababli 97 ta umumta’lim va 2 ta o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida 13 yanvardan hamda 208 ta umumta’lim muassasasida 18 yanvardan o‘quv jarayoni boshlanadi.

Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryoda ham 11 yanvardan boshlab o‘qishlar bosqichma-bosqich boshlandi.

Tog‘li va uzoq qishloqlar maktablarida ta’lim jarayonlari 16 yanvardan boshlanadi. Xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi imkoniyati cheklangan maxsus maktab-internatlarida o‘qish 18 yanvardan yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida esa o‘qish 16 yanvardan boshlanadi.

Viloyatdagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’til 17 yanvargacha davom etib, faoliyatini 18 yanvardan boshlaydi.

Surxondaryo viloyati

Viloyat hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, hududlardagi barcha umumta’lim maktablarida 11 yanvar kunidan an’anaviy shaklda darslar boshlanishi ma’lum qilindi. Ammo ushbu e’londan so‘ng qo‘shimcha ma’lumot berilib, unda viloyatning tog‘li, olis hududlaridagi maktablarda dars mashg‘ulotlari boshlanmasligi qayd etildi.

Tumanlar hokimliklari tomonidan tog‘li, olis hududlarda joylashgan maktablar ro‘yxati shakllantiriladi va ushbu maktablarda an’anaviy dars mashg‘ulotlarining boshlanish sanasi qo‘shimcha ma’lum qilinadi, — deyildi xabarda.

Xorazm viloyati

Xalq ta’limi boshqarmasining bildirishicha, bu viloyatda ham 11 yanvar sanasidan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qish jarayoni boshlandi.

Toshkent viloyati

Viloyat hokimi topshirig‘iga asosan, viloyatdagi barcha hududlarda hokim, maktab direktori va mahalla raislari bilan maktablardagi issiqlik ta’minoti holati o‘rganildi, telefon orqali ularning fikrlari olindi. O‘rganish ishlari 10 yanvar kuni 23:00 da tugallandi. Shundan so‘ng quyidagi yakuniy xulosaga kelindi:

11 yanvardan viloyat bo‘yicha 77 ta maktabda dars bo‘ladi. Ushbu maktablarning o‘quvchilari darslar boshlanishi haqida ota-onalar kengashi orqali xabardor qilingan. Boshqa umumta’lim maktablarida o‘qishlar, mavjud sharoitlarni inobatga olgan holda 12 yanvardan bosqichma-bosqich boshlanadi.

11 yanvar kuni soat 14:00 da 12 yanvardan boshlab dars boshlanadigan boshqa maktablar ro‘yxati e’lon qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Respublika Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hududda darslar an’anaviy shaklda 12 yanvardan boshlanadi.

Navoiy viloyati

«Gazeta.uz» viloyat hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritdi. Ma’lum bo‘lishicha, maktablarda sharoitdan kelib chiqib 12 yanvar sanasidan Navoiy shahridagi 21 ta, Karmana tumanidagi 32 ta, Navbahor tumanidagi 37 ta, Qiziltepa tumanidagi 43 ta, Nurota tumanidagi 11 ta, Konimex tumanidagi 14 ta, Xatirchi tumanidagi 72 ta maktabda darslar boshlanadi. Olis cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan 133 ta maktabda o‘qish 16 yanvardan davom ettiriladi.

Oliy o‘quv yurtlari, kollej va litseylarda o‘qish bosqichma-bosqich tarzda 11 yanvardan boshlandi.

Sirdaryo viloyati

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hududdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida darslar 13 yanvardan, boshlang‘ich sinf va bog‘chalarda dars hamda mashg‘ulotlar 16 yanvardan boshlanadi.

Oliy o‘quv yurtlari, kollej va litseylarda esa o‘qish bosqichma-bosqich tarzda 11 yanvardan boshlandi. Bunda boshqa viloyatlar yoki chekka hududlardan kelib o‘qiydigan o‘quvchi va talabalarga sharoit yaratilishi, darslarni onlayn tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

Farg‘ona viloyati

Viloyat maktablarida o‘qish 16 yanvardan boshlanadi. 11 yanvardan esa viloyatdagi 12 ta oliy o‘quv yurti, 76 ta texnikum, kollej, kasb-hunar maktablarida o‘qish boshlanishi belgilangan.

975 ta umumta’lim maktabida, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda esa o‘qish 16 yanvar, dushanba kunidan boshlanishiga qaror qilingan. Viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham 16 yanvardan odatiy faoliyatiga qaytadi.