Hindiston O‘zbekistonda bolalarning ommaviy o‘limiga aloqador yo‘tal siropini ishlab chiqargan kompaniya — Marion Biotech litsenziyasini to‘xtatdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Hindiston kompaniyasi Reuters`ning izoh so‘rab yuborilgan so‘roviga hali javob qaytargani yo‘q.

Avvalroq ushbu mamlakatda Marion Biotech kompaniyasiga qarshi ish ochilgandi. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumatidan ham vafot etgan bolalar haqida hisobot berish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha turdagi dori vositalari, jumladan, yo‘talga qarshi «Ambronol» siropi savdosi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, «Dok-1 Maks» dorisi tarkibida zaharli modda — etilenglikol topilgani ham bildirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda «Dok-1 Maks» dorisi oqibatida 19 nafar bola vafot etgandan so‘ng SSV aholini ommaviy ravishda ushbu dorini sotib olmaslik haqida ogohlantirishni boshlagan. Hozirgacha «Dok-1 Maks» siropidan O‘zbekistonda 20 dan ortiq bola vafot etgan.