O‘zbekistonda «Dok-1 Maks» siropini qabul qilgan yana bir bolaning o‘limi haqida ma’lum bo‘ldi. Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi oradan 18 kun o‘tib, ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan xabarlardan keyin ushbu ma’lumotni tasdiqladi.

7 yanvar kuni Kompromatuzb Telegram-kanali Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida uch yoshli bolaning o‘limi to‘g‘risida ma’lum qildi. Xuddi shu kuni viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bemor 15 dekabr kuni tuman tibbiyot birlashmasida «shifoxonadan tashqari rivojlangan pnevmoniya, o‘tkir kechuvi og‘ir formasi, hazm faoliyatini funksional buzilishi, dispeptik holat, gipovolemiya og‘ir darajasi» diagnozi bilan davolanganini ma’lum qildi. Bola 21 dekabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan viloyat filialida olamdan o‘tgan.

«Butun respublika bo‘ylab „Dok-1 Maks“ dori vositasining salbiy ta’siri bo‘yicha muammolar kelib chiqishi boshlaganidan keyin so‘rab o‘rganilganda, vafot etgan bemor onasining so‘zidan u ham uy sharoitida „Dok-1 Maks“ preparatini qabul qilganligi aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulxodi Iminov 1 yanvar kuni O‘zA muxbiriga bergan intervyusida viloyatda ushbu dori bilan bog‘liq asoratlar kuzatilmaganini aytgan edi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi dori vositasini qabul qilib vafot etgan bolalar soni kamida 20 nafarga yetdi. Samarqand bolalar markazida turli viloyatlardan kelgan 18 nafar bolaning o‘limi qayd etildi. Keyinroq Qashqadaryoda ham bola o‘limi haqida xabar berildi.

Tekshiruv natijasida bir ishlab chiqaruvchining (O‘zbekistonga import qiluvchi — «Quramax Medikal») «Doc-1 Max» va «Ambronol» dori vositalarining laboratoriya tekshiruvlari belgilangan tartibda o‘tkazilmagani tasdiqlandi, deb xabar qildi DXX. Dori partiyalarida etilenglikol topilgan.