2019-yilda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov shartli ravishda qamoqdan ozod etildi. Bu haqda Kun.uz huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Rashitjon Qodirov 2018-yil fevralida Jinoyat kodeksining 165 (Tovlamachilik), 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 210-modda (Pora olish), shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hamda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgandi.

2018-yilning iyulida Bosh prokuratura sobiq bosh prokuror ishi bo‘yicha 24 kishiga ayblov e’lon qilinganini haqida xabar bergan. 2019-yil 7-yanvar kuni esa Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Rashitjon Qodirov ustidan yopiq sud jarayoni boshlangan. Bosh prokuraturaning o‘sha vaqtdagi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova mazkur jinoyat ishi yopiq tarzda tergov qilingani, jinoyat ishi sud yurisdiksiyasida bo‘lib, jamoatchilikka qay tarzda ma’lumot berish masalasini sud hal qilishini bildirgan.

Bosh prokuratura, shuningdek, Amnesty International huquqni himoya qilish tashkilotining mahalliy hukumatni sobiq bosh prokurorning erkin va adolatli sud qilinishini kafolatlash hamda uni mustaqilik kuzatuvchilar va ekspertlar uchun ochiq qilishga chaqirgan bayonotiga javob qaytargan.

“Rashitjon Qodirov sog‘lig‘ining holati qamoqda saqlashga to‘sqinlik qilmasligi ma’lum bo‘lgan va unda hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan”, — deyilgan unda.

Rashitjon Qodirov 2000−2015 yillarda bosh prokuror lavozimida ishlagan, 2015−2017-yillarda Konstitutsion sud sudyasi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Qodirovdan tashqari Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev ham bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 2019 yilda 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shuningdek, yana bir sobiq bosh prokuror Otabek Murodovga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.