O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi «Gazeta.uz»ning «Kasaba uyushmalari federatsiyasiga davlat budjetidan 150 milliard so‘m ajratilishi mumkin. Bu qanchalik qonuniy?» sarlavhali materialiga munosabat bildirdi. Ushbu savolli masalaga federatsiyaning yuridik bo‘limi boshlig‘i aniqlik kiritdi. Javobni quyida to‘liq holda e’lon qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, davlat kasaba uyushmalari faoliyatini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ko‘rinishlarda ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Maqolada «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi qonun 25-moddasining kasaba uyushmalari mulkining shakllanish manbalariga bag‘ishlangan normasi keltirib o‘tilgan. Qonunlar, umuman olganda, har qanday huquqiy hujjatlar kabi to‘liq o‘rganilib, ko‘rib chiqilishi kerak.

Yuqorida ta’kidlanganidek, davlat kasaba uyushmalari faoliyatini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Shuningdek, davlat kasaba uyushmalari faoliyatini qonunchilikka muvofiq boshqa tarzda ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Maqolada ajratilgani aytib o‘tilgan mablag‘lar ijtimoiy buyurtma sifatida maqsadli mablag‘lar hisoblanadi.

Tashkilotning 2020 yil 11 noyabrdagi nizomiga ko‘ra, Kasaba uyushmalari o‘z faoliyatida, shu jumladan, moliyaviy faoliyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqildir, ular oldida hisobdor emas hamda ular tomonidan nazorat qilinmaydi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Material muallifi bu yerda ham hujjat bilan to‘liq tanishmagan. Nizomning keltirilgan normasi bu bilan tugamaydi, unda «qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno» degan qism bor. Bu Kasaba uyushmalari federatsiyasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat organlari oldida hisobdor ekanini anglatadi.

Ta’kidlash joizki, kasaba uyushmalari yoki kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilgan tuzilmalarni davlat tomonidan moliyalashtirish ko‘plab mamlakatlarda odatiy hol sanaladi.

Quyida bir nechta misollar:

Fransiya

Kasaba uyushmalariga ajratilgan davlat subsidiyalari 2000 yilda «600 million frankdan kam bo‘lmagan miqdorda» etib belgilangan. Ushbu davlat subsidiyalari kasaba uyushmalarining ayrim faoliyatini moliyalashtirish uchun ishlatiladi. Bunga saylangan mansabdorlar uchun o‘quv treninglari yoki kasaba uyushmalari treninglarini misol qilib keltirish mumkin. 2000 yilda ushbu jarayon xarajatlari 213 million frankni tashkil etgan. Bu mehnat subsidiyalari bo‘lib, fransuz kasaba uyushmalari harakatining kelib chiqishidagi tarixiy element hisoblanadi.

AQSh

Amerika Kasaba uyushmalari markazi tashkil etgan Birdamlik markazi (Solidarity Center) AQSh federal hukumati tomonidan (96 foizdan ortiq), asosan, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Milliy demokratiya jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.

Yaponiya

1989 yil may oyida Yaponiya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi tomonidan xalqaro mehnat almashinuvi va hamkorlikni rivojlantirishga yordam beruvchi tashkilot sifatida tashkil etilgan Yaponiya Xalqaro mehnat fondi (JILAF) hukumat tomonidan moliyalashtirib kelinadi.