O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qayta tashkil etilgan vazirlik va idoralar rahbarlarining bir qator o‘rinbosarlarini tayinlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

2022 yil may oyidan buyon Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Ulugbek Axmadovich Azamov O‘zbekiston madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Alisher Zafar o‘g‘li Sa’dullayev yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi o‘rinbosari — Yoshlar ishlari agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. U 2020 yil iyul oyidan boshlab Yoshlar agentligi direktori lavozimida ishlab kelgan.

Sherzod Saidjanovich Xidoyatov qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. U 2021 yil yanvaridan uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Nozim Baxtiyorovich Xusanov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. U 2019 yil sentabr oyidan bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.

Agrippina Vasilevna Shin maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga munosib ko‘rildi. U 2017 yil oktabr oyidan buyon Maktabgacha ta’lim vazirligiga rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Narzullo Naimovich Oblomuradov tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U 2021 yil dekabridan buyon Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Avvalroq vazirlar va boshqa davlat organlari rahbarlari tayinlangani haqida xabar berilgandi. 21 dekabr kuni prezident vazirlik va idoralar sonini 61 tadan 28 taga qisqartirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. 20 ta idora butunlay tugatildi.