22 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:53 da Eronning Qeshm Air aviakompaniyasining samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Tehron — Toshkent — Olmaota — Tehron yo‘nalishi bo‘yicha uchgan Airbus A300−600 borti an’anaviy tarzda suv arkasi bilan kutib olindi, deya xabar bermoqda Uzbekistan airports matbuot xizmati.

Muntazam reyslar haftada bir marta — payshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Parvozlarning ochilishi O‘zbekiston va Eron rahbariyati o‘rtasida — sentabr oyida Eron islom respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiyning mamlakatga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar samarasi hisoblanadi.

Xususan, tashrif davomida Eron va O‘zbekiston o‘rtasida, bir qator viza tartib-taomillarini soddalashtirish va sayyohlik oqimini kuchaytirishga qaratilgan, turizm sohasida hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, Qeshm Air — shtab-kvartirasi Tehronda joylashgan, 1993 yilda tashkil etilgan Eron aviakompaniyasi bo‘lib, mahalliy va xalqaro yo‘lovchi reyslarini, shuningdek, charter reyslarini amalga oshiradi.