Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudida 28 noyabr kuni boshlangan Nukus voqealariga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonining to‘rtinchi haftasi yakunlandi. Yelubay Abibulayev raisligidagi sud 22 kishi ayblanuvchi bo‘lgan ish bo‘yicha guvohlarni so‘roq qilishni davom ettirmoqda. Payshanba va juma kunlari 1−2 iyulda Nukusda sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi jarayonga to‘liq tarkibda tashrif buyurdi.

Guvohlarni so‘roq qilish o‘tgan hafta boshlangan. Undan oldin fuqaroviy da’vogarlar va jabrlanuvchilar so‘zga chiqishdi. «Gazeta.uz» so‘roq qilinganlar orasida Chimboy, Qorao‘zak, Taxtako‘pir, Qonliko‘l, Shumanay tumanlari va Nukus shahri hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar bo‘limlari va soliq xizmatlari rahbarlari ham borligi haqida yozgandi.

нукус voqealarи, sud, қорақалпоғистон

Sudya Yelubay Abibulayev (markazda). Foto: Oliy sud.

Asosiy ayblanuvchi Dauletmurat Tajimuratov Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi sobiq raisi Murat Kamolov va sobiq ichki ishlar vaziri, JKning hozirgi rahbari Amanbay O‘rinboyevni guvoh sifatida chaqirishni so‘ragan edi. Biroq hozircha ular sudga taklif qilingani yo‘q.

Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston bo‘yicha mintaqaviy vakili Jenisbay Shlimbetovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, shu hafta boshida sud Nukus voqealariga oid alohida jinoiy ish bo‘yicha hibsda saqlanayotgan 39 nafar ayblanuvchini so‘roq qilgan. Shundan so‘ng jamoat kafilligi ostida ozod qilingan yoki uy qamog‘iga hukm qilingan 107 nafar ayblanuvchini so‘roq qilish boshlandi.

нукус voqealarи, sud, қорақалпоғистон

Ularning barchasi guvoh sifatida qatnashib, namoyish paytida qayerda, nima maqsadda bo‘lgani, Dauletmurat Tajimuratov nutqi aks etgan videolavhalar ularga qanday ta’sir qilgani va boshqa narsalarni so‘zlab berishdi.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hafta davomida — 19−23 dekabr kunlari — 115 nafar: dushanba kuni — 8, seshanba kuni — 17, chorshanba kuni — 29, payshanba kuni — 34 va juma kuni — 35 nafar guvoh so‘roq qilingan.

нукус voqealarи, sud, қорақалпоғистон

22−23 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan sud majlisida Nukus voqealarini tergov qilish bo‘yicha parlament komissiyasining barcha a’zolari, jumladan uning rahbari, ombudsman Feruza Eshmatova ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. Barcha yig‘ilishlarda komissiyaning alohida a’zolari, jumladan, deputatlar, huquq himoyachilari ishtirok etmoqda.

нукус voqealarи, sud, қорақалпоғистон

Gulnoz Mamarasulova va parlament komissiyasining boshqa a’zolari.

Shvetsiyaning Markaziy Osiyo nodavlat notijorat tashkilotlari assotsiatsiyasi direktori Gulnoz Mamarasulovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, komissiya a’zolari ayblanuvchilar, jumladan, «Makan.uz» sayti asoschisi Lolagul Qallixonovaning tergov izolyatorlarida saqlanayotgan sharoitlari bilan tanishgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sudlanuvchilar oziq-ovqat, dori-darmon, ish materiallari, jumladan, sud materiallari, ayblov xulosalari va guvohlarning ko‘rsatmalari bilan to‘liq ta’minlangani, shuningdek, o‘z advokatlari bilan muntazam uchrashib turish imkoniga ega ekanliklarini ma’lum qilgan.

Avvalroq Bosh prokuratura parlament komissiyasi so‘roviga javoban Qoraqalpog‘istonda 1−2 iyul kunlari yuz bergan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha jami 171 kishi ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinganini bildirgan edi. Hozirda sudi bo‘layotgan 22 kishidan tashqari, yana bir jinoyat ishi bo‘yicha 39 nafar ayblanuvchi sudga jalb qilingan.

Shuningdek, Bosh prokuratura huquq-tartibot idoralari tomonidan Nukusda namoyishchilarga nisbatan qurol va maxsus vositalar qo‘llangani, shuningdek, ikki fuqaroning o‘limi holatlari alohida tekshirilayotgani haqida xabar berdi. Agar ortiqcha kuch qo‘llanilgani tasdiqlansa va ish sudga yuborilsa, jarayon ochiq bo‘ladi, deyiladi xabarda.