Farg‘onada YHXB inspektorlari haydovchiga nisbatan noqonuniy ma’muriy bayonnoma tuzgani uchun javobgarlikka tortildi. Farg‘ona viloyat sudi matbuot kotibining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, haydovchi unga «ruhiy azob yetkazilgani» uchun inspektorlardan ma’naviy zarar undirib olish uchun sudga da’vo arizasi kiritgan.

Quvalik A. B. 2021 yil 8 dekabr kuni tush vaqtida Farg‘ona shahriga kelib, mashinasini piyodalar yo‘lagi yonida qoldirgan. Unga Farg‘ona viloyati IIB YHXB 1-otryad inspektori A. A. «yo‘lning taqiqlangan qismiga mashina qo‘ygani uchun» ma’muriy bayonnoma tuzgan. «Aslida esa unday emasdi. Haydovchi buni inspektorga tushuntirishga har qancha urinmasin, foydasi bo‘lmaydi», — deyiladi Oliy sud xabarida.

Shu kunning o‘zida haydovchiga yana bir inspektor ma’muriy bayonnoma tuzdi. Bunda uning soat 16:44 larda shaharning Bozor yo‘li ko‘chasida to‘xtab, bozorga kirgani asos qilingan.

Shundan so‘ng har ikkala ma’muriy bayonnoma Farg‘ona shahar IIO FMB YHXB tomonidan sudga olib chiqilmay turib, haydovchidan jarima undirib olingan. Haydovchi ma’muriy bayonnomalarni bekor qilishni so‘rab jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudiga ariza bilan murojaat qilgan.

Sud uning arizasini, keltirgan vajlarini atroflicha o‘rganib, 2021 yil 27 dekabr kungi qarori bilan haydovchining arizasi qanoatlantirdi. Inspektorlar tuzgan bayonnoma bekor qilindi.

A. B. ikkala inspektorning xatosi sabab o‘zi va oila a’zolari ruhiy azob chekkanini bildirib, ulardan ma’naviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari бў­йича Farg‘ona туманлар­аро sudiga da’vo ariza kiritdi.

Sud da’voni qanoatlantirib, A. B. foydasiga A. A.dan 3 mln so‘m ma’naviy zarar, 270 ming so‘m davlat boji, 18,9 ming so‘m pochta harajatlari, yana bir javobgan E. B.dan 3 mln so‘m ma’naviy zarar, 540 ming so‘m davlat boji, 18,9 ming so‘m pochta harajatlari undirish bo‘yicha qaror chiqardi.