Senat raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekistonda ayollarning mavjud mehnat imkoniyatlarini tahliliy o‘rganish umuman yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi. Bu haqda u kasaba uyushmalari federatsiyasida o‘tgan Xotin-qizlar muammolarini hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi yig‘ilishida aytib o‘tdi, deya Senat matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lumot berdi.

«Aholini kasbga o‘qitish kerak, bu uchun monomarkazlar bor, yana boshqa filiallar tashkil qilinadi», deb aytildi. Lekin respublikamizda tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni, mahallalarning o‘sish nuqtalari, ma’lum sohalarga ixtisoslashtirilgan hududlar bor. Ayollarni kasbga tayyorlash va qayta o‘qitish dasturlarida aynan shu omillarni e’tiborga olinishi kerak", dedi u.

Shuningdek, Senat raisi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi — eng katta e’tiborni tashqi mehnat migratsiyasidan yoki jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan ayollarga qaratishi zarurligini aytdi.

«Bu ayollar og‘ir hayotiy vaziyatlarni boshidan kechirganlar, endi ular yana qayta qiynalmasligi, yana murakkab, og‘ir sharoitga tushib qolmasligi kerak. Bu ayollarimizni ham bandligi, munosib mehnat sharoitlari, jamoasida teng ko‘rilishida manzilli aniq yordam ko‘rsatishingiz zarur», — deya ta’kidladi Narbayeva.

Uning aytishicha, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarni birlamchi o‘qitib, ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘mak mutasaddilar tomonidan umuman yo‘lga qo‘yilmagan.

«Bugungi vaziyatda, masalan, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol reabilitatsiya markaziga joylashtirilyapti, keyin u yerdan 1−2 oydan so‘ng chiqarib yuborilyapti. Bu ayolni biron kim na kasbga o‘qityapti, na ish bilan ta’minlayapti, uning keyingi taqdiri bilan hech kim qiziqmayapti. Aslida, mana shu ayollar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ishlaydigan asosiy kontingenti bo‘lishi zarur», — deyiladi Senat raisi nutqida.

Tanzila Narbayeva barcha mutasaddi idoralardan ko‘tarilgan mana shu barcha masalalar bo‘yicha aniq ish va natija ko‘rsatishni talab qildi.

Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi alohida qo‘shma dastur ishlab chiqish va taqdim qilishni qat’iy so‘radi.

Avvalroq, u zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish uchun qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha hujjatlar paketi tayyorlangani va yaqinda prezidentga axborot berilishini ma’lum qilgandi. Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva esa oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb baholash taklifini kiritgandi.

Shuningdek, «Gazeta.uz» ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun yaratilgan himoya orderini olish, shuningdek, uning muammolari haqida maqola tayyorlagandi.