Respublika onkologiya markazi sotuvdan olindi, deya xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi. Avvalroq, markazning ikki filiali sotuvdan olingani xabar qilingandi.

Respublika ixtisoslashgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (Lot 3707620, boshlang‘ich bahosi 281,7 mlrd so‘m), uning Toshkent viloyat (Lot 3707622, boshlang‘ich bahosi 92,1 mlrd so‘m) va Toshkent shahar filiallari (Lot 3707621, boshlang‘ich bahosi 160,5 mlrd so‘m) bino-inshootlari yangi Onkologiya markazining birlashgan kompleksini qurish xarajatlarini qoplash uchun «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali elektron-onlayn auksionga qo‘yilgan edi.

Bugungi kunda, mazkur obyektlarning sotilishi hisobiga yangi zamonaviy Onkologiya markazi qurilishini amalga oshirish bo‘yicha jamoatchilik fikridan kelib chiqqan holda, tegishli topshiriqqa asosan, Onkologiya markazi hamda uning poytaxt va Toshkent viloyati filiallarini auksion orqali sotish jarayoni to‘xtatildi va savdodan olib tashlandi.

Eslatib o‘tamiz, markaz va uning ikki filiali yangi qurilayotgan onkologiya kompleksiga ko‘chib o‘tishi rejalashtirilandi. Toshkentning Shifokorlar ko‘chasida qad rostlayotgan majmuaning qurish ishlari Vazirlar Mahkamasining yopiq qarori bilan Mimar Group kompaniyasiga topshirilgan.