Endi O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovar va xizmatlar uchun ham iste’mol krediti ajratiladi. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev xabar berdi.

Amaldagi «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi qonunga asosan O‘zbekistonda Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovar va xizmatlar uchun iste’mol krediti ajratilishi cheklangan.

«Bu mantiqsiz cheklov bir tomondan mamlakat aholisiga tanlov imkoniyatini cheklash orqali noqulaylik tug‘dirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan „mahalliylashtirish“ shiori ostida mahalliy monopollarni qo‘llab quvvatlash orqali aholi uchun taqdim etilayotgan tovar va xizmatlar narxining oshishiga va raqobatsiz muhit shakllanishiga xizmat qilib kelgan», — dedi parlament a’zosi.

Misol uchun, hozirda mahalliy monopolimiz tomondan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar bilan narx va sifatda raqobatlashayotgan xorijda ishlab chiqarilgan elektromobillar xarid qilish uchun yoki xorijiy brendlarning sifatli maishiy texnika vositalarini sotib olish uchun banklardan iste’mol krediti olish imkoniyatingiz yo‘q, dedi.

«Natijada, odamlar bunday tovarlarni faqatgina muddatli to‘lov asosida, bank iste’mol kreditidan bir necha baravar yuqori foizlarda maishiy texnika do‘konlaridan yoki ishonchsiz lizing kompaniyalardan sotib olishga majbur bo‘lib kelishmoqda», — ta’kidladi deputat.

Prezidentning 2022 yil 12 avgustdagi [PQ-350-son] qarorida aynan ushbu noqulaylikni bekor qilish va aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish belgilangan edi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi vanihoyat Qonunchilik palatasiga kiritildi.

«Umid qilamanki, ushbu qonun loyihasi qisqa muddatlarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qabul qilinib, prezidentimiz tomonidan imzolanadi hamda xalqimizga qulaylik yaratuvchi yaxshi bir o‘zgarish sifatida xizmat qiladi», — deya fikrini yakunladi Doniyor G‘aniyev.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning iyul oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xorijda ishlab chiqarilgan tovarlarga iste’mol kreditlarini naqd va xorijiy valyutada ko‘rinishida berish loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygandi. Ammo bu tuzatishlar muhokamadan keyin ham qabul qilinmadi.