12 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashdi.

Tomonlar uch oy ichida O‘zbekistonga 1,5 mrld kub metr turkman gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi, bu kuniga 20 mln kub metr gaz, degani.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat kuniga o‘rtacha 15 mln kub metr gaz import qiladi. Yana qo‘shimcha 20 mln kub metr gaz yetkazib berilishi qish mavsumida gaz taqchilligini qoplaydi.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, bungacha gaz tanqisligi kuniga o‘rtacha 10 mln kub metrni tashkil qilgan. 15 dekabrdan boshlab mamlakatda gaz ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat barqarorlasha boshladi, dedi soha regulyatori.

Avval xabar berganimizdek, Turkmaniston O‘zbekistonga elektr energiyasi eksportini ham oshirdi. Jumladan, «Turkmenenergo» davlat elektroenergetika korporatsiyasi O‘zbekistonga kunlik elektr energiyasi eksportini qariyb 17 foizga — 17−18 mln kVt/soatdan 20−21 mln kVt/soatga oshirdi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov 7 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan tabiiy gaz, elektr energiyasi, ko‘mir va mazutni qo‘shimcha xarid qilish bo‘yicha muzokaralarni faollashtirishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, kunlik gaz yetkazib berish hajmini 5 mln kub metrgacha oshirishga qaror qilindi. Shu maqsadda davlat idoralari avtomashinalari gazdan benzinga o‘tkazildi, suyultirilgan gaz eksporti taqiqlandi, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalari orqali elektr energiyasini yetkazib berishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.

Qolaversa, «O‘ztransgaz» boshqaruvi raisi Behzod Normatov ham o‘zbek gazini xorijga eksport qilish to‘liq to‘xtatilganini ma’lum qildi.