O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Nukusda 1−2 iyul kunlari yuz bergan voqealar vaqtida halok bo‘lganlarning ro‘yxati e’lon qilinadimi, degan savolga javob berdi. Ushbu savol, jamoatchilikni o‘ylantirayotgan masala bo‘lgani bois, Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha Mustaqil parlament komissiyasi tomonidan berilgan edi.

Mustaqil komissiya, jumladan, namoyishlar vaqtida vafot etgan fuqarolarning o‘limi sabablari — bu qiynoq oqibatida bo‘lganmi, o‘qotar qurol yoki maxsus vositalar tufaylimi va hokazo — ma’lum qilinadimi-yo‘qmi, qabilidagi savol bilan murojaat qilgan.

Bosh prokuratura shunday javob bergan: «Ommaviy tartibsizliklar vaqtida vafot etgan 19 nafar shaxsning ro‘yxati va vafot etish sabablari ochiq sud majlislari davomida birma-bir muhokama qilinadi».

Ma’lumot uchun, Bosh prokuratura dastlab, 4 iyul kuni 18 kishi, xususan, huquq-tartibot organlarining 4 nafar xodimi vafot etgani haqida axborot bergandi. Keyinchalik idora qurbonlar soni 3 taga oshganini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» Nukusdan tayyorlagan reportajlarida hodisalarning guvohlariga, shuningdek, tibbiyot muassasalaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga tayanib, qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Ushbu bayonotlarga rasmiylar tomonidan biror javob bo‘lgani yo‘q.

Hozirgi vaqtda Buxoroda Nukus voqealari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 22 ayblanuvchi ishtirokida sud bo‘lib o‘tmoqda. Bosh prokuratura 39 nafar ayblanuvchining ishi alohida ish yurituvga olinganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, huquq-tartibot organlari tomonidan o‘qotar qurol va maxsus vositalardan foydalanilganligi, ikki fuqaroning o‘limi va boshqa holatlar yuzasidan ham alohida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.