14 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:10da Iordaniyaning Jordan Aviation aviakompaniyasi samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi, deya xabar qildi Uzbekistan Airports.

O‘zbekistonga Amman-Toshkent-Amman yo‘nalishida yangi parvoz yo‘nalishini ochgan Boeing-767 borti Toshkent aeroportida kutib olindi. Qaytish reysiga yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish boshlanishidan avval aeroport va aviakompaniya vakillari ishtirokida rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi reyslar Jordan Aviation milliy aviakompaniyasi va O‘zbekistonning Ahella Tour turoperatori o‘rtasidagi kelishuv asosida amalga oshiriladi. Toshkent va Amman o‘rtasidagi reyslar charter asosida ikki haftada bir marta Boeing-767 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Jordan Aviation — shtab-kvartirasi Ammanda joylashgan Iordaniya aviakompaniyasi. Kompaniya charter reyslarini amalga oshirishdan tashqari, BMT tinchlikparvar missiyalari uchun havo transportini ta’minlovchi muhim aviakompaniya hisoblanadi.