Transafg‘on temir yo‘lini qurish qiymati dastlabki hisob-kitoblardan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi mumkin. Bu haqda Spot Pokistonning Samaa nashriga tayanib xabar bermoqda.

Loyihaning yangi smeta qiymatini dushanba kuni Pokiston Senatining temir yo‘l infratuzilmasi qo‘mitasi yig‘ilishida Temir yo‘llar vazirligi kotibi Zafar Ranja ma’lum qildi.

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li loyihasini amalga oshirish 8,2 mlrd dollarga tushadi.

Eslatib o‘tamio‘, 2021 yil fevral oyi boshida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston ushbu temir yo‘l qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan edi. Loyiha ishtirokchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, uning dastlabki qiymati taxminan 5 mlrd dollarni tashkil etgan.

20 mln tonnagacha yuk tashish salohiyatiga ega yangi transport yo‘lagi Yevropa Ittifoqi, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va undan keyingi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lashi kerak.

Loyihani may oyida tayyorlash, yo‘l qurilishi esa 2021 yil sentabrida boshlanishi rejalashtirilgan edi. Ammo Afg‘onistonda hokimiyat almashishi loyihani sekinlashtirdi. Biroq dekabroyida Afg‘oniston muvaqqat hukumati loyihaga qo‘shildi.

Iyul oyida Afg‘oniston hududida yo‘nalish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash uchun ekspeditsiya ishlari boshlandi.

Iyul oyida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro anjumanda «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi bo‘lajak magistral loyihasining tafsilotlarini taqdim etdi. Spot nashrining xabar berishicha, loyiha 2027 yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

«Boshtransloyiha» instituti yo‘l qurilishi qiymatini 4,6 mlrd dollarga baholagan. Uning ishga tushirilishi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi yuklarni yetkazib berishni 3−5 kungacha tezlashtirishi, shuningdek, uni uch barobar arzonlashtirishi kutilmoqda.