30 noyabr Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da B guruhidagi so‘nggi tur uchrashuvlariga start berildi. Guruhdagi eng qizg‘in bahs bo‘lishi kutilgan Eron — AQSh qarama-qarshiligida amerikaliklarning qo‘li baland keldi — 0:1. Guruhda peshqadam bo‘lib turgan Angliya terma jamoasi Uels bilan uchrashdi va 0:3 hisobida g‘alab qozondi. Guruh bosqichi yakuniga ko‘ra, Eron va Uels terma jamoalari guruhdan chiqa olishmadi.

Eron — AQSh 0:1

Eron — AQSh bahsi «Al-Tumama» stadionida 42 127 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi va AQSh terma jamoasi bitta muhim gol evaziga g‘alabani ilib ketdi.

O‘yindagi yagona gol 38-daqiqada «Chelsi» klubi futbolchisi Kristian Pulishich tomonidan kiritildi. Pulishichga pasni Serjino Dest uzatgan edi va u ham o‘z hisobiga bitta assist yozdirib qo‘ydi. Hakam tomonidan 1-taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda Timoti Vea hisobni 0:2 ko‘rinishiga keltirgan edi, ammo hujumda o‘yindan tashqari holat aniqlandi. Gol hisobga olinmadi.


AQSh terma jamoasi 2-taymda ham ko‘p xavfli hujumlar uyushtirdi. Ba’zi vaziyatlarda esa eronliklar golga yaqin kelishgan edi. Hakam 2-taymga 9 daqiqa vaqt qo‘shib berdi, ammo o‘yin 101-daqiqagacha davom etdi. Oxirgi daqiqalarda hakam eronliklar foydasiga penalti belgilashi ham mumkin edi, aniqrog‘i Eron terma jamoasi futbolchilarilari hakamdan buni talab qilishdi. Mehdi Taremi jarima maydonchasi ichida yiqilib tushdi. Ammo bu penalti belgilash uchun tortadigan vaziyat emas deb topdi. Takroriy kadrlarda hakamning qarori to‘g‘ri ekanligini ko‘rish mumkin. Hakamning o‘yinni tugaganini anglatuvchi xushtagi chalindi. AQSh terma jamoasi pley-offda.


Amerikaliklar 3 tur davomida 5 ochko ishlab oldi va guruhda 2-o‘rinni egalladi. Eng AQSh terma jamoasi pley-off bosqichida Niderlandiya terma jamoasi (A guruhi peshqadami) bilan to‘qnash keladi.

Uels — Angliya 0:3

Uels — Angliya bahsi «Ahmad bin Ali» stadionida bo‘lib o‘tdi va uchrashuvni tomosha qilish uchun stadionga 44 297 nafar muxlis tashrif buyurdi. Angliya uchun ushbu bahsda g‘alaba qozonish guruhda 1-o‘rinni kafolatlash uchun muhim edi.

Uchrashuvda uelsliklar 4 marta zarba yo‘llashgan bo‘lishsa, angliyaliklar 13 marta zarba berishgan va shulardan Uelsda bittasi, Angliyada esa 7 tasi darvozaga aniq yetib borgan. Aslida Angliya yanada kattaroq hisobda yutishi ham mumkin edi, biroq inglizlar har doimgidek ko‘p vaziyat yaratib, shundan qismangina foydalana olishdi.


Angliya terma jamoasi 1-taymda qanchalik golga yaqin kelmasin, uchrashuvdagi ilk gol 2-taymda kiritildi. 50-daqiqada Markus Reshford Uels darvozasini ajoyib va kuchli zarba bilan ishg‘ol qildi — 0:1.

Ikkinchi gol ham juda tez kiritildi. 52-daqiqada Xarri Keynning o‘zatmasidan so‘ng Fil Foden to‘pni Uels darvozasiga joylab qo‘ydi — 0:2. 68-daqiqada Reshford yana katta sahnaga qaytdi — u ushbu uchrashuvda dubl qayd etmoqda. Hisob — 0:3.


Sal o‘tib Reshfordda xet-trik qilish uchun ham qulay vaziyat bo‘ldi, Bellingemda ham gol urish uchun ajoyib imkoniyat bo‘lgan edi, ammo ikkala vaziyat ham gol bilan yakunlanmadi.

Hakam o‘yinga 4 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Angliya terma jamoasi guruhdan 1-o‘rin bilan chiqmoqda. Endi ularni pley-off bosqichida Senegal terma jamoasi kutib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, pley-off bosqichi uchrashuvlariga 3 dekabr kuni start beriladi.