29 noyabrda A guruhidan o‘rin olgan 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tur doirasida guruhdagi eng qiziqarli bahs Ekvador — Senegal bo‘lishi kutilayotgan edi. Kutilganidek, uchrashuv qizg‘in suratlarda o‘tdi va unda Senegal terma jamoasining qo‘li baland keldi. Guruhdagi ikkinchi bahsda esa Niderlandiya terma jamoasi Qatarni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Ikkala bahs ham bir xil vaqtda, Toshkent vaqti bilan 20:00 da boshlandi.
Ekvador — Senegal 1:2
Ushbu bahsda bizni qanday «intriga» kutayotgani to‘g‘risida pley off bosqichiga chiqish imkoniyatlari haqidagi maqolada yozgan edik. Chunki Ekvador — Senegal uchrashuvi pley-offga chiqish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jang edi. 4 ochkoga ega Ekvadorni durang ham qanoatlantirardi. Ammo Senegal uchun bu kamlik qilardi. Demak senegalliklar g‘alaba uchun maydonga tushishgan.
Ekvador — Senegal bahsi «Xalifa» stadionida 44 569 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘yinda jamoalar jami 17 ta zarba yo‘llashdi — hisob 7:10, Senegal bu borada ham oldinda. Biroq aniq zarbalar borasida Ekvador peshqadam — 4:3. Senegal darvozaboni 3 ta seyv amalga oshirgan. To‘pga egalik qilish bo‘yicha statistika o‘yinda Ekvadorning ustun bo‘lganini ko‘rsatadi — 61% ga 39%.
O‘yinning 43-daqiqasida Ekvadorning darvozasi tomon penalti belgilandi. Sarr penaltini muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirdi va Senegalni hisobda oldinga olib chiqdi. 1-taym 0:1 hisobi bilan yakunlandi.
68-daqiqada Moyses Kaysedo hisobni tenglashtirdi — 1:1. Ammo yana 2 daqiqa o‘tgach, ekvadorliklar yana gol o‘tkazib yuborishdi. 70-daqiqada ekvadorliklarning jarima maydonchasi ichidagi xatosidan Kalidu Kulibali unumli tarzda foydalandi va to‘pni darvozaga mixlab qo‘ydi. Hisob — 1:2!
Qolgan daqiqalarda o‘yin surati yanada oshdi. Goh Ekvador hisobni tenglashtirish uchun Senegal darvozasi tomon shoshadi, goh senegalliklar Ekvador terma jamoasidan to‘pni olib qo‘yib buni golga aylantirishga harakat qiladi. Hakam 2-taymga 6 daqiqa vaqt qo‘shib berdi, ammo o‘yin 98-daqiqagacha davom etdi. Ekvador terma jamoasi gol kirita olmadi, hisob 1:2 ligicha qoldi, Senegal terma jamoasi pley-offda! Senegalliklar o‘yinda ikkinchi jamoa sifatida o‘ynab, g‘alabani ilib ketishdi. Ular guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqishmoqda.
Pley-off bosqichida Senegal terma jamoasi B guruhida 1-o‘rinni olgan jamoa bilan to‘qnash keladi. Bu esa katta ehtimol bilan Angliya, agar kutilmagan hodisalar yuz bersa, Eron yoki AQSh terma jamoasi bo‘lishi ham mumkin.
Niderlandiya — Qatar 2:0
Niderlandiya terma jamoasi pley-off bosqichiga chiqish masalasini deyarli hal qilib bo‘lgan edi. Biroq, ular faqat hali 1-o‘rinni naqd qilishmagan edi. Qatar terma jamoasi esa oldingi ikkita turda mag‘lubiyatga uchrab, birorta ham ochko ololmagandi va pley-offga chiqish uchun kurashni muddatidan avval tark etgan edi.
Niderlandiya — Qatar bahsi «Al-Bayt» stadionida bo‘lib o‘tdi va uchrashuvni tomosha qilish uchnu 66 784 nafar muxlsi tashrif buyurdi. O‘yinda jami 15 ta zarba yo‘llandi: Niderlandiya 10 ta, Qatar 5 ta.
O‘yinning 26-daqiqasida niderlandiyalik Kodi Gakpo o‘yindagi hisobni ochdi. Bu uning JCH-2022`dagi uchinchi goli. U har bir turda bittadan gol urib kelmoqda. Uchrashuvning ikkinchi gol 2-taymda kiritildi: 49-daqiqada de Yong darvozabondan qaytib kelgan (Depayning zarbasidan so‘ng) to‘pni osonlik bilan kiritib qo‘ydi. Hisob — 2:0.
68-daqiqada Gakpo yana bitta gol kiritgan edi, ammo u hujum davomida to‘pga qo‘li bilan o‘ynagani ma’lum bo‘ldi va gol bekor qilindi. Hakam o‘yinga 6 daqiqa qo‘shib berdi. Ammo qo‘shimcha daqiqalarda hisob o‘zgarmadi. O‘yin Niderlandiya terma jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Ana endi niderlandlar guruhda 1-o‘rinni naqd etishdi.
Niderlandiya pley-offda B guruhida 2-o‘rinni egallagan terma jamoa bilan to‘qnash keladi. Bu ushbu guruhdagi istalgan jamoa bo‘lib qolishi mumkin. Ammo bu Eron yoki AQSh terma jamoasi bo‘lishi ehtimoli katta.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2022`ning pley-off bosqichiga 3 dekabr kuni start beriladi.