Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan «Farg‘ona viloyati ichki ishlar binosi oldida fuqaro nega o‘zini yoqmoqchi bo‘ldi» sarlavhali videoxabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 15 noyabr kuni viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida IIB oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgan ayolning qiz — fuqaro M. A. Farg‘ona shahridagi mehmonxonalarning birida 2 250 000 so‘m pul evaziga 4 nafar shaxsga jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib bergan. U kelishilgan pullarni olgan vaqtida xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, fuqaro M.A. voyaga yetmagan D.F. va X.M. larni o‘ziga moddiy jihatdan qaram qilib, yashash uyida tutqunlikda saqlab, erkak mijozlarga moddiy manfaat evaziga jinsiy aloqa qilishga majburlab kelganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan M. A.ga nisbatan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘g‘rilash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali odam savdosi), 131-moddasi 1-qismi (g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qo‘shmachilik qilish) hamda 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 16 noyabr kuni Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvidan kelib chiqib, 19 noyabr kuni ayblanuvchi M. A.ning boshqaruvida bo‘lgan Malibu transport vositasi Farg‘ona shahar Navoiy ko‘chasi 30-uy yonida turgani aniqlanib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 2 dona pichoq va boshqa buyumlar daliliy ashyo tariqasida olinib, avtomashina qonuniy egasi A. M.ga tilxat orqali topshirilgan.

«IIB binosi oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgan ayol bilan boshqarma rahbariyati suhbatlashib, holat yuzasidan tushuntirishlar bergan. Shu o‘rinda, fuqarolarimizdan yuqoridagi kabi xabarlarga rasmiy munosabat berilmasdan turib noo‘rin xulosa qilmasliklarini so‘rab qolamiz», — deyiladi xabarda.