Prezidentning hududlardagi xalq qabulxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari yordamchilari lavozimlari tashkil etilmoqda, deb xabar beradi O‘zA davlat rahbari qaroriga tayanib (ushbu xabar keyinroq birinchi manbadan o‘chirib tashlangan).

Mazkur yangilik hujjatda «hududlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va joylardagi vaziyatni hisobga olgan holda tezkor choralar ko‘rish zarurligi» bilan izohlanadi.

Prezident Administratsiyasi rahbarining yordamchilari bevosita hududlarda ishlaydi. Ushbu lavozimlar Xalq qabulxonalari mavjud xodimlarini qisqartirish hisobiga joriy etilmoqda.

So‘nggi paytlarda «ularning faoliyati yetarlicha samara bermayapti, joylarda muammolarni hal etishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda va asosan qog‘ozbozlik bilan shug‘ullanmoqda, bu esa aholining asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda», — deb yozadi O‘zA.

Qarorda ushbu muammoni hal etish uchun xalq qabulxonalari institutini mustahkamlash bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan.

PA rahbari yordamchilari shtati tashkil etilishidan tashqari, Xalq qabulxonalari xodimlariga jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlariga murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy bayonnomalar tuzish va ularni sudga yuborish huquqi berildi.

Qaror bilan, shuningdek, prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari (bunga qadar Tursinxan Xudaybergenov maslahatchi bo‘lgan) hamda davlat xizmati va vakillik organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha (vakant edi) maslahatchilari lavozimlari ham bekor qilindi. Ular negizida prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi tashkil etildi. Unga yaqinda Sirdaryo viloyatining sobiq hokimi G‘ofurjon Mirzayev tayinlandi.

Qayd etilishicha, o‘zgartirishlardan ko‘zlangan maqsad «davlat va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish, davlat organlarida murojaatlarni ko‘rib chiqishga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, joylardagi muammolarning hal etilishi ustidan samarali nazorat o‘rnatishdan iborat».

Fevral oyida sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov (hozirda prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi) O‘zbekistonda besh yil ichida davlat boshqaruvi organlari soni qariyb ikki baravar ko‘paygani haqida xabar bergan edi. Shundan so‘ng u davlat apparatini optimallashtirish, vazirlik va hokimliklar mas’uliyatini chegaralash zarurligi haqida gapirdi, shuningdek, organlarning vazifa va funksiyalarining bir-birini takrorlashi, tekshirishlar mustaqil emasligi, manfaatlar to‘qnashuvi haqida gapirgandi.

Adliya vazirligining sobiq rahbari, shuningdek, O‘zbekiston uchun yirik davlat apparati mos kelmasligi, chunki bu katta xarajatlarni talab qilishini ham ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy e’tiborni iqtisodni rivojlantirishga qaratish kerak, biroq ko‘p sonli davlat idoralari bilan buni qilish qiyin bo‘ladi. Vazir ko‘p sohalarda davlatdan samaraliroq bo‘lgan xususiy sektor bilan dadil ishlash zarurligini ta’kidladi.