O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda TIV huzuridagi «Dunyo» axborot agentligi.

Hujjat 25 noyabr kuni Bokuda Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi huzuridagi O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi (TTBRM) hamda Ozarbayjon Raqamli rivojlanish va transport vazirligi huzuridagi AzInTelecom delegatsiyasi tomonidan imzolandi.

Tomonlar yo‘qolgan va o‘g‘rilangan IMEI-kodlarning yagona «qora ro‘yxati»ni yaratish, shuningdek, tajriba va ma’lumotlar almashish bo‘yicha kelishib oldilar.

TTBRM UZIMEI tizimining operatori hisoblanadi. Mobil qurilmalarning SIM-kartalari uchun har bir slotta bittadan IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov 60−75 ming so‘mni tashkil qiladi.

Avval ham bir necha bor boshqa shaxslarning pasportlari bilan IMEI-kodlar ro‘yxatdan o‘tkazilgani, natijada fuqarolar o‘z qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkaza olmay qolgani qayd etilgan edi. Xususan, shanba kuni yana bir yangi holat haqida ma’lum qilindi.

Jahon banki iqtisodchisi Vinni Nagaraj UZIMEI`ni «byurokratik, egiluvchan va fuqarolar uchun og‘riqli», «O‘zbekistonni ortga qaytargan» tizim deb atadigandi. Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudayberdiyevning ta’kidlashicha, tizim fuqarolar uchun «ikki martalik telefon solig‘i»dir.