26 noyabr kuni C va D guruhidan joy olgan Tunis — Astraliya, Polsha — Saudiya Arabistoni, Fransiya — Daniya, Argentina — Meksika uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Oldingi kunlarda hech bo‘lmasa bitta bahsda durang qayd etilayotgan bo‘lsa, JCH-2022`ning yettinchi kunida birorta o‘yinda ham durang qayd etilmadi. 26 noyabr kuni kutilmagan natijalar qayd etilmadi.

Tunis — Astraliya 0:1

Tunis — Astraliya uchrashuvi Al-Vakradagi «Al-Janub» stadionida 41 823 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi.

1-turda Daniya bilan durang o‘ynagan Tunis hamda Fransiyaga mag‘lub bo‘lgan Avstraliya terma jamoasi o‘rtasidagi uchrashuv teng kurashlar ostida o‘tdi. Biroq to‘pni boshqarish bo‘yicha 58/42 — bu borada Tunis oldinda. Yo‘llangan zarbalar bo‘yicha ham hisob — 8:7. Biroq ushbu o‘yinda avstraliyaliklar minimal hisobda g‘alaba qozonishdi.


O‘yinning 23-daqiqasida Mitchell Dyuk Avstraliyani hisobda oldinga olib chiqdi — 0:1. Taymning qolgan qismida tunisliklar faolroq bo‘lishdi, bir necha bor golga yaqin kelishdi.

2-taymda Avstraliya hisobni saqlab qolish uchun o‘ynadi. Bu borada ularga Tunis terma jamoasining hujumdagi xatoliklari biroz yordam berdi. Uchrashuvda 0:1 hisobi saqlanib qoldi va Avstraliyaliklar qimmatli 3 ochkoni qo‘lga qiritishdi.

Polsha — Saudiya Arabistoni 2:0

Polsha — Saudiya Arabistoni bahsi Education City stadionida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni tomoga qilish uchun stadionga 44 259 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Saudiya Arabistoni 1-turda Argentina terma jamosi ustidan «fenomenal» tarzda g‘alabaga erishgan edi. Ehtimol, shuning uchundir, ushbu turda muxlislar polshaliklar bilan o‘yinda Saudiya Arabistonidan hech bo‘lmaganda durang kutishgan edi.

Biroq to‘pga egalik qilish borasida Saudiya Arabistoni o‘yinda yaqqol peshqadam bo‘ldi — 37% (Polsha) ga 63% (Saudiya Arabistoni). Zarbalar bo‘yicha ham hisob — 7:13. Gollar bo‘yicha hisob esa 2:0.

39-daqiqada Zelinski hisobni ochdi. Ushbu vaziyatda oldin Levandovskida gol kiritish uchun ajoyib imkoniyat bor edi, biroq Saudiya Arabistoni darvozaboni unga halaqit qildi. Robert to‘pni Zelinskiga to‘pni oshirdi va Zelinski osonlik bilan to‘pni darvozaga yo‘lladi — 1:0.

45-daqiqada Polsha darvozasiga penalti belgilandi. Ammo Al-Davsari ushbu vaziyatdan foydalana olmadi, Shensni jamoani goldan qutqarib qoldi. Hakam 1-taymga 10 daqiqa qo‘shib berdi. Biroq 1:0 hisobi saqlanib qolindi.

2-taymda Polsha hisobni yiriklashtirishi mumkin edi. Oldin Milik, keyin Levandovski tomonida yo‘llangan zarbalar darvoza to‘siniga borib tegdi. 74-daqiqada Levandovski darvozabon Al-Ovays bilan birga-bir vaziyatga chiqdi, ammo darvozabon qahramonlik ko‘rsatdi. 81-daqiqada Levandovski nihoyat o‘z niyatiga erishdi. U Saudiya Arabistoni himoyachisi yo‘l qo‘ygan xatodan foydalandi va hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. U Jahon chempionatlaridagi o‘zining ilk golini kiritmoqda. O‘yinda boshqa gol kiritilmadi, Polsha 3 ochko ishlab oldi.

Fransiya — Daniya 2:1

Ushbu o‘yin «Ras Abu Abud» stadionida (Stadion 974 deb ham ataladi), 42 860 nafar muxlis qarshisida bo‘lib o‘tdi.

O‘yinda zarbalar bo‘yicha hisob 13:8, aniq zarbalar bo‘yicha esa 7:2 bo‘ldi. To‘pni egallash bo‘yicha ko‘rsatkichlar deyarli teng — 49% ga 51%.

1-taymda Fransiya Daniya darvozasiga yo‘l topa olmadi — 0:0. 61-daqiqaga kelib Kilian Mbappe Fransiyani hisobda oldinga olib chiqdi — 1:0.


Biroq 68-daqiqada Andreas Kristensen muvozanatni tikladi. Burchak to‘pidan orqali yo‘llangan uzatmadan so‘ng u boshi bilan zarba berdi — 1:1. Daniya taslim bo‘lmoqchi emas. Biroz vaqtgacha o‘yin durang bilan tugaydigandek tassurot qoldirdi. Ammo 86-daqiqada Fransiya terma jamoasi baribir o‘z so‘zini aytdi. Kilian Mbappedan dubl — 2:1. Hakam 2-taymga 6 daqiqa qo‘shib berdi. Ammo ushbu daqiqalarda ham Fransiya hujum qilishda davom etdi. Qo‘shimcha daqiqalarda hisob o‘zgarmadi.


Ayni damda D guruhida Fransiya 6 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda, Avstraliya 3 ochko bilan 2-o‘rinda, Tunis va Daniya terma jamoalarida bittadan ochko bor.

3-turda fransiyaliklar Tunis bilan bahs olib borishadi. Daniya terma jamoasi esa Avstraliya bilan to‘qnash keladi.

Argentina — Meksika 2:0

Argentina — Meksika uchrashuvi Lusail Iconic Stadium`da 88 966 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi.

Argentina terma jamoasi ilk uchrashuvdayoq saudiyaliklarga mag‘lub bo‘lib, barcha muxlislarini ajablantirgan edi. Shuning uchun, ushbu bahsda argentinaliklardan faqat va faqat g‘alaba kutilgan edi. Biroq, uchrashuvning 1-taymida, Argentinaning o‘zi pley-offga chiqishni xohlamayotgandek o‘yin ko‘rsatdi. Jamos o‘z «sovg‘alarini» 2-taymga asrab qo‘ygan ekan.

64-daqiqada Lionel Messi katta sahnaga chiqdi. U jarima maydoni tashqarisidan pastlatib zarba yo‘lladi va darvozani ishg‘ol qildi — 1:0. 87-daqiqada esa Enso Fernandes hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Messi ushbu golga ham o‘z hissasini qo‘shdi — u jarima maydonchasi ichiga yugurib ketayotgan Ensoga to‘pni oshirib, o‘z hisobiga assist yozdirib qo‘ydi.

E’tibor qiling, o‘yinda darvozalarga yo‘llangan aniq zarbalar bo‘yicha hisob 2:1 (umumiy zarbalar bo‘yicha 5:3). Hakam o‘yinga 6 daqiqa qo‘shib berdi va bu vaqtda meksikaliklar e’tiborni tortadigan vaziyat yarata olishmadi. Argentinaliklar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan 3 ochkoni ishlab olishdi.

C guruhida hozirda vaziyat quyidagicha: Polshada 4 ochko, Saudiya Arabistoni va Argentinada 3 ochkodan mavjud, Meksikada esa 1 ochko.

Argentina terma jamosi so‘nggi turda Polsha bilan to‘qnash keladi, Meksika esa Saudiya Arabistoni bilan kuch sinashadi.