25 noyabr «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Chotqol daryosida bunyod etilayotgan «Quyi Chotqol» GES to‘g‘onini qurish uchun daryo o‘zanini to‘sishga bag‘ishlangan bo‘yicha tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda vazirlik, idoralar rahbarlari, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, shuningdek, xorijiy loyiha kompaniyalari — Rossiya, Eron, Turkiya, Xitoy davlatlarining loyiha boshqaruv tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.


Tadbirni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ochib berar ekan, mazkur yirik gidroenergetika inshooti xususida to‘xtalib, Chotqol daryosida amalga oshirilayotgan loyihaning viloyat energetika tizimida muhim ahamiyat kasb etishi, viloyat aholisini ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilishi borasida o‘z fikr-mulohalarini bildirib o‘tdi.

Shundan so‘ng «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov so‘zga chiqib, gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar xususida to‘xtaldi. Xususan, «Quyi Chotqol» GESining texnik xususiyatlari va ahamiyati haqida ma’lumot berdi.


«Quyi Chotqol» GES qurilishi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi «Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES qurilishi» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda.

Barpo etilayotgan GES loyihasida har birining quvvati 22,5 MVt bo‘lgan to‘rtta gidroagregatni o‘rnatish mo‘ljallangan. Gidrotexnik inshootning o‘rnatilgan quvvati 90 MVt bo‘lib, yillik o‘rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 300 mln kVt soatga teng.


Shuningdek, GESning to‘liq ishga tushirilishi 91,28 mln kub metrgacha tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyatini beradi. Qurilishi boshlanayotgan «Quyi Chotqol» suv omborining loyiha bo‘yicha umumiy balandligi 50 metr, suv to‘plash hajmi 6,8 mln kub metrga teng. Yangi inshootni 60 oy davomida, ya’ni 2021−2025 yillarda qurib, ekspluatatsiyaga topshirish rejalashtirilgan. Qayd etilgan ko‘rsatkich kelajakda o‘rtacha 125 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi. «O‘zbekgidroenergo» quriladigan inshootlar kelajakda xalqqa 100 yil davomida xizmat qiladi, deya ta’kidladi.


Mazkur obyektning aynan Quyi Chotqol daryosida qurilishi rejalashtirilganining sababi, mamlakatimizdagi yirik Chorvoq suv omborining o‘rtacha 65% gidroresurslarini aynan Chotqol daryosidan oqib kelayotgan suvlar hisobiga shakllanishidir. Ushbu daryodan yiliga o‘rtacha 4−4,5 mlrd kub mert suv oqib o‘tadi. Yangi qurilayotgan GES yil davomida 11 oy ishlash imkoniyatiga ega.

Qurilish ishlari doirasida O‘zbekistonda birinchi marta maxsus beton qorishmalaridan foydalaniladi hamda mamlakatimizdagi ilk beton turdagi mustahkam to‘g‘on barpo etiladi. Natijada mazkur to‘g‘onda quriladigan GES kun davomida elektr energiyasiga talab keskin oshgan davrda elektr energiyani ishlab chiqarish imkonini beradi.


Qurilish ishlari doirasida hamkorlik qilayotgan xorijiy kompaniya vakillari, xususan, Turkiyaning Dolsar Engineering kompaniyasi konsultanti Melih O‘zdilim, Eron Islom Respublikasining U SUV ALAN Ltd direktori Aziz Nekzadlar so‘zga chiqib, hamkorlik doirasidagi amaliy ishlar xususida ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng tadbirning kutilgan asosiy qismiga start berildi. Quyi Chotqol daryosi tabiiy oqimi tunnel orqali o‘tkazilishi boshlandi. Bu jarayondan ko‘zlangan maqsad, GES to‘g‘oni qurilishini boshlash hamda kelgusida ekspluatatsiya jarayonlarida ham tunnel orqali suv yo‘nalishini boshqa tomonga yo‘naltirish imkoniyatini yaratishdan iborat.

Reklama huquqlari asosida.