25 noyabr kuni JCH-2022 2-tur o‘yinlarini B guruhidan joy olgan Uels — Eron uchrashuvi boshlab berdi. Ushbu bahsda Eron terma jamoasining qo‘li baland keldi va 3 ochkoga ega bo‘ldi. Shuningdek, bugun A guruhidagi Qatar — Senegal qarama-qarshiligi ham bo‘lib o‘tdi. O‘yinda Qatar terma jamoasi JCH`dagi ilk golini kiritdi. Biroq ushbu gol qatarliklar uchun yordam bera olmadi, Senegal 1:3 hisobida g‘alabaga erishdi.

Uels — Eron 0:2

Ushbu bahs «Ahmad bin Ali» stadionida bo‘lib o‘tdi va 40 875 nafar tomoshabinni stadionga yig‘a oldi.

Uchrashuvning 1-taymida gol bo‘lmadi. To‘pga egalik qilish bo‘yicha Uels terma jamoasi yaqqol oldinda edi. Biroq zarbalar borasida eronliklar peshqadam bo‘ldi. O‘yinning eng esda qolarli voqealari 2-taymning oxirida yuz berdi. To 99-daqiqagacha o‘yinda hisob ochilmadi. Ammo bundan oldinroq, 85-daqiqada hakam Uels darvozaboniga qizil kartochka ko‘rsatdi. Xennessi qarshi hujumga o‘tgan Taremini to‘xtatib qoldi va hakam uni o‘yindan chetlatdi. Aaron Remzining o‘rniga zahiradagi darvozabon Denni Uord maydonga tushdi. Endi Uels terma jamoasi bir o‘yinchi kam bo‘lib harakat qiladi. Eslatib o‘tamiz, ushbu qizil kartochka, bu safargi jahon chempionatida birinchisi hisoblanadi.


99-daqiqaga kelib esa nihoyat o‘yinda hisob ochildi. Ruzbex Cheshmi Eronni hisobda oldinga olib chiqdi — 0:1. Endi Uels terma jamoasi hujumga tashlanishga majbur bo‘ladi. Ularda hozircha 1 ochko bor, ammo bu kam. Ammo jamoa bo‘lib hujumga o‘tish ham xavfli. O‘yinning so‘nggi daqiqalari, Uels futbolchilarida boshqa iloj ham yo‘q aslida. Hamma hujumga o‘tdi.

Biroq 101-daqiqada eronliklar ushbu vaziyatdan foydalanishdi va qarshi hujumga o‘tishdi. Taremining o‘zatmasidan so‘ng Rezayan qoyilmaqom tarzda to‘pni darvozaga yo‘lladi — 0:2! O‘yin taqdiri hal bo‘lmoqda. Eron o‘tgan turdagi katta hisobdagi mag‘lubiyatdan so‘ng pley-offga chiqish uchun kurashga qaytmoqda.


Ushbu guruh doirasida 26 noyabr kechasi soat 00:00 da AQSh va Angliya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. 3-turda esa Eron AQSh terma jamoasi bilan, Uels esa Angliya bilan to‘qnash keladi. Guruhda hozirgi vaziyatda Eron 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jamoalar imkoniyati ushbu guruhdagi ikkinchi juftlik bahsidan so‘ng yanayam oydinlashadi.

Qatar — Senegal 1:3

Qatar — Senegal bahsi Dohadagi «Al-Tumama» stadionida, 41 797 nafar muxlis qarshisida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv boshidanoq Senegal favorit edi, biroq Qatar ham o‘zidan kutilgan o‘yinni ko‘rsatishga harakat qildi va hattoki o‘zining JCH tarixidagi ilk golini ham kiritdi. Biroq yakunda 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.


1-taymning 41-daqiqasida senegallik Bulaye Dia hisobni ochdi — 0:1. Ushbu gol taym yakunlanishidan oldin Senegal terma jamoasiga ishonch bag‘ishladi.

Shunga bo‘lsa kerak, Senegal terma jamoasi 2-taymning boshidayoq, 49-daqiqada hisobni 0:2 ko‘rinishiga keltirdi. Zahiradan maydonga tushgan Dediu boshi bilan ajoyib zarba yo‘llab darvozani ishg‘ol qildi. Keyingi daqiqalarda Qatar uyg‘ongandek bo‘ldi, bir nechta ajoyib vaziyatlar yaratdi, ammo foydalana olmadi. Ayrim vaziyatlarda darvozabon Eduard Mendi o‘z jamoasini muqarrar gollardan saqlab qoldi.

Biroq 79-daqiqaga kelib qatarliklar baribir o‘z maqsadlariga erishishdi. Muhammad Muntari bosh bilan yo‘llagan zarbasi orqali farqni qisqartirdi — 1:2. Bu qatarliklarning mundiallardagi ilk goli sifatida tarixga kiradi.

Xo‘sh, endi Qatar ustunlik qiladimi yoki senegalliklar hujumga o‘tishadimi? 84-daqiqada Deng Qatar darvozaboni Bashamni dog‘da qoldirdi. Senegal yana hammasini o‘z joy-joyiga qaytarmoqda — 1:3. Hakam 2-taymga 6 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Senegal ushbu hisob xush kelmoqda, o‘yin tezligi pasaydi. Hakam o‘z xushtagini chaldi, Senegal esa 3 ochkoga ega chiqmoqda.


3-turda Senegal terma jamoasi Ekvador bilan, Qatar esa Niderlandiya bilan uchrashadi. Hozirgi vaziyatda Senegal, Ekvador va Niderlandiya terma jamoalarida 3 ochkodan bor. Qatarda esa 0 ochko. Ayni damda 2-tur doirasida Niderlandiya va Ekvador kuch sinashishmoqda.