Chorshanba kuni Yevropa parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan Rossiya Federatsiyasini «terrorizm homiysi bo‘lgan davlat» deb tan oldi. O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining Telegram`dagi kanalida mazkur holatni izohlar ekan, «bu qaror, hozircha ramziy-siyosiy ma’noga ega, va real huquqiy oqibatlari mavjud emas», deya ta’kidladi.

«Lekin, bu katta qadamlarning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Yevroparlament Yevropa komissiyasi va Kengashini Rossiyaga nisbatan „terror homiysi bo‘lgan davlat“ sifatida muomalada bo‘lishga chaqirgan. Ya’ni, rasmiy Moskvani to‘liq ixotalash tavsiya qilingan», — dedi u.

«AQShda ham bir necha oydan beri Rossiyani „terrorizm homiysi bo‘lgan davlat“ sifatida baholash chaqiriqlari bor, — deya so‘zida davom etdi Rabbimov. — Lekin, Bayden ma’muriyati bu taklifga qarshi. Chunki, AQSh qonunchiligiga ko‘ra, Vashington qaysi bir davlatni „terrorizm homiysi“ deb tan olsa, unga nisbatan real huquqiy mexanizmlar ishlashi kerak».

Siyosatshunos Rossiyaga nisbatan shunday mexanizmlarni joriy qilishni oqibatlari «global darajada katta o‘zgarishlarga olib keladi», degan fikrda.

Misol uchun, Rossiya BMTning Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi. Agar Rossiya «terrorizm xomiysi bo‘lgan davlat» deb tan olinsa, BMT Xavfsizlik kengashidan chiqarilishi nazarda tutilishi kerak. Buning uchun, Xavfsizlik Kengashining qolgan doimiy a’zolari ham bunga rozilik berishi kerak. Qolaversa, Rossiya bilan AQSh va g‘arb davlatlarining diplomatik munosabatlar deyarli uzilishi yeki juda pasayishi kerak bo‘ladi.

Nazarimda, Rossiyaga nisbatan real bosimlar Putin hokimiyatdan ketganidan keyin ham to‘xtamaydi. Rossiyani qo‘lidan yadro qurolini olib qo‘yish, BMT Xavfsizlik Kengashidagi uni veto huquqini olish tashlashga intilish ham kuchayadi.

«Putin, Rossiyani qaytadan imperiyaga aylantirishni orzu qilib, uni bor qudratiga ham tarixiy zarba berib qo‘ydi. Rossiya bu vaziyatdan 2021 yildagi kabi jamuljam resurslar va qudrat bilan chiqa olmaydi, albatta zaif yoki o‘ta zaif holatda chiqadi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 23 noyabr kuni Yevroparlament Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi tinch aholiga nisbatan vahshiyliklari uchun Rossiyani terrorizm homiysi sifatida tan oldi. Shuningdek, deputatlar Yevropa kengashini Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi va «Qodirovchilar» polkini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishga chaqirdi.

Qarorni 494 deputat qo‘llab-quvvatladi, 58 deputat qarshi chiqdi, 44 deputat betaraf qoldi.

Yevroparlament yig‘ilishi kun tartibida qayd etilganidek, RFning terrorizm homiysi sifatida tan olinishi «prezident Putin va uning hukumatini urush jinoyatlari uchun xalqaro tribunal oldida javob berishga» yo‘l ochadi.

«Yevropa Ittifoqi hozirda davlatlarni terrorizm homiylari sifatida rasman belgilashga qodir emasligi sababli, parlament Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarni tegishli huquqiy bazani yaratishga chaqiradi», — deyiladi bayonotda.