Urganch xalqaro aeroporti noqulay ob-havo tufayli 3 ta aviareysni qabul qila olmadi, дебхабар berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Moskva — Urganch yo‘nalishi bo‘yicha HY-9616 yo‘lovchi reysi soat 03:30da noqulay ob-havo sharoiti — quyuq tuman va ko‘rish masofasi 300 metrdan kam bo‘lganligi sababli belgilangan aeroportga qo‘na olmadi hamda Navoiy shahridagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.

Xuddi shu sababga ko‘ra, Moskvadan SBI-3245 reysini amalga oshirayotgan S7 aviakompaniyasining samolyoti Urganch aeroportiga soat 03:00 da qo‘na olmadi. Samolyot Buxoro aeroportiga yo‘naltirildi.

Toshkent — Urganch yo‘nalishi bo‘yicha HY-53 reysining parvozi ham kechiktirildi.

«Ertalab tuman tarqagach SBI-3245 reysi Buxorodan Urganchga soat 09:30da, HY-9616 reysi Navoiydan soat 09:20da, HY-53 reysi Toshkentdan soat 09:48da uchib, Urganchga soat 10:55 da qo‘nishi kutilmoqda», — deyiladi xabarda.

S7 Airlines aviakompaniyasining Urganchdan Moskvaga qaytish reysi mahalliy vaqt bilan 22:05 ga belgilangan.