18 noyabr kuni O‘zbekiston prezidentining rasmiy tashrifi arafasida MEDEF International Fransiya tadbirkorlari harakatining Parijdagi qarorgohida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Biznes-forumda Fransiya va O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, aviatsiya sanoati, temir yo‘l transporti, logistika va kommunikatsiyalar, energetika, tog‘-kon sanoati, servis va konsalting, qurilish kabi sohalardagi kompaniyalari, bank va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumining muhim voqealaridan biri — «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ va Fransiyaning Societe Generale S.A. moliyaviy konglomerati o‘rtasida 50 mln yevro miqdorida kredit liniyasini jalb etishni nazarda tutuvchi hamkorlik shartnomasining imzolanish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shartnoma ikki bank o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi:

  1. Loyiha va savdoni moliyalashtirish sohasidagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish shu jumladan texnologik asbob-uskunalar, xomashyo yetkazib berish, shuningdek, keyinchalik yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun Fransiyadan xizmatlar ko‘rsatishni ko‘paytirish.
  2. G‘aznachilik operatsiyalari soxasida, shu jumladan xalqaro kapital bozorlaridagi maxsulotlar va valyutaviy svop, forvard, opsion kabi xosilaviy moliyaviy vositalar.
  3. Ikki mamlakat o‘rtasida uzoq muddatli o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish va bank sektorini o‘zgartirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan ilgari surilgan bank faoliyatining boshqa sohalaridaga islohotlarni amalga oshirish.
  4. Bank xodimlarining malakasini oshirish maqsadida tajriba almashish va qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish.

Yuqoridagi muzokaralar doirasida tomonlar Fransiyada ishlab chiqariladigan ATR 72−600 rusumli samolyotlarni yetkazib berishni nazarda tutuvchi transport sohasida loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Loyiha O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 26 oktabrdagi «Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi» PQ-412-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha O‘zbekiston ichida mintaqaviy yo‘lovchi tashish hajmini kengaytirish imkonini beradi, ichki turizm va mintaqaviy havo qatnovini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

«O‘zmilliybank» AJ va Societe Generale S.A. o‘rtasida 2003 yildan boshlab uzoq muddatli strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 20-yillik davr mobaynida tomonlar o‘rtasida 700 mln dollari miqdorida 9 ta loyiha amalga oshirilgan. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonning barcha hududlarida ko‘p sonli yangi ishchi o‘rinlarini yaratish imkonini berdi. Vakillik aloqalari sohasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida hisob-kitob biznesini rivojlantirish va xalqaro to‘lovlarga xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.


Societe Generale S.A. Yevropadagi eng yirik fransuz moliyaviy konglomeratlaridan biri bo‘lib, u BNP Paribas, Credit Agricole va Groupe BPCE bilan birgalikda fransuz bank bozorining «katta to‘rtligini» tashkil qiladi.

Bank 1864 yil 4 mayda bir guruh sanoatchilar va moliyachilar tomonidan Societe Generale pour favoriser le developpement du commerce et de l’industrie en France (Fransiyada savdo va sanoatni rivojlantirish bo‘yicha umumiy jamiyat) nomi bilan tashkil etilgan.

Societe Generale S.A.`ning asosiy faoliyati — chakana bank, moliyaviy xizmatlar, sug‘urta, global bank va investitsiyalar. Societe Generale S.A. kapitali 73,7 mlrd dollarini, aktivlari esa — 1,6 trln dollarini tashkil etadi.

Reklama huquqlari asosida.