Angren shahri hokimi Alisher Raimov fuqarolar bilan muloqot chog‘ida muttasil so‘kingan, qo‘pol, haqoratli so‘zlar ishlatgan va bir kishini «qamattirib qo‘ygani»ni aytgan. Uning ovozi yozilgan audiodan parchalar 18 noyabr kuni «Effect.uz» nashri tomonidan e’lon qilindi.

Nashrning qayd etishicha, muloqot Angrenda qurilayotgan Prezident maktabiga qurilish materiallari yetkazib berilishi masalasi ustida kechgan. Unda Angren hokiminiki deyilayotgan ovoz egasi Latif ismli shaxsni «qamattirib qo‘ygani»ni, ta’minotchi korxona qurilish materiallarini yetkazib bermasa, 1 mlrd so‘mga «uxlashi»ni aytgan, shuningdek, suhbatdoshlaridan birini qo‘pol ravishda so‘kib, haqorat qilgan.

Toshkent viloyati hokimligi ovoz Angren shahri hokimi Alisher Raimovniki ekanini tasdiqladi. Holat yuzasidan 19 noyabr kuni viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasining yig‘ilishi chaqirildi. Yig‘ilishda «davlat xizmatchisi uchun nomaqbul so‘zlar, haqoratlar ishlatilgan audioyozuv keskin tanqidiy muhokama qilingan».

«Har xil sohada, kuz-qishga tayyorgarlik, qurilish va hokazo, va hokazo yo‘nalishlarda ishlar, topshiriqlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Albatta, hokim ishlarning o‘z vaqtida bajarilishiga mas’ul, lekin bu hech kimga boshqa biror bir insonni so‘kish yoki haqorat qilishga huquq bermaydi», — degan yig‘ilishni olib borgan viloyat Odob-axloq komissiyasi raisi — viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari Muzaffar Fayziyev.

Angren shahri hokimi Alisher Raimov holat bo‘yicha komissiyaga tushuntirib berib, xatti-harakatlari uchun qattiq pushaymon ekanligini bildirgan.

«Muhtaram prezidentimiz yuritayotgan siyosatlariga putur yetkazganimni juda aniq bilaman, bundan ming pushaymonman. Qanday holat bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zimni ushlashim kerak, bu narsaga yana bir bor amin bo‘ldim. Kechagi audioyozuv […] davlatimiz yuritayotgan siyosatga, qo‘pol qilib aytganda, dog‘ tushishiga sabab bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bundan keyin qanday holat bo‘lishidan qat’i nazar o‘zimni ushlashga va ish faoliyatimni qonunlarda belgilangan doirada yuritishga harakat qilaman. Bizga ishonayotgan xalqimizdan uzr so‘rayman», — deb aytgan Raimov.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, komissiya davlat xizmatchisiga doir odob-axloq qoidalari buzilganini qayd etgan va yig‘ilish bayonnomasi asosida viloyat hokimi Zoir Mirzayevga xodimning xatti-harakatlari yuzasidan tegishli chora ko‘rish uchun taqdimnoma kiritgan. «Viloyat hokimining bu masala yuzasidan qarori rasmiy veb-saytimiz va matbuotda e’lon qilinadi», — deyiladi hokimlik axborotida.

Avvalroq, 27 sentabr kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi davomida bir qator hokimlarga chora ko‘rilgan edi. Xususan, Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimi Sherali Yo‘ldashev tuman hokimligi devonxona bo‘limi mutaxassisini haqoratlab, kaltaklagani uchun ishdan haydalgan edi. «Nechanchi asrda yashayapmiz? Yangi O‘zbekistonga munosib hokim shunday bo‘ladimi?», — deb savol qo‘ygandi o‘shanda administratsiya raisi.

Shuningdek, xuddi shu yig‘ilishda Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolovga jarima jazosi qo‘llanilgan. Bundan avvalroq tarmoqda Bobolov Angor tumani prokurorini haqorat qilgani, shuningdek, Qiziriq tumani hokimi va tumandagi klaster rahbarini qo‘pol ravishda qoralayotgani yozilgan audiolar tarqalib ketgan edi. Prokuror bilan bo‘lgan holat yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyev ham Bobolovga dakki bergandi.