Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi magistraturaga hujjat topshirmoqchi bo‘lganlar uchun joriy etilgan o‘zgarishlarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, davlat komissiyasining tegishli qaroriga muvofiq joriy o‘quv yilida faqatgina davlat oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga S1, V2 milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatiga ega bo‘lib, hujjat topshirgan, ammo kvota doirasida talaba bo‘lolmaganlarga belgilangan bazaviy to‘lov-kontraktning 1,5 baravaridan oshmagan miqdordagi to‘lov asosida magistraturada o‘qish imkoniyati yaratildi.

O‘qish istagini bildirganlar oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalariga murojaat qilishlari mumkin.

Shuningdek, 2022/2023 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga dekabr-yanvar oylaridagi tanlovda istisno tariqasida xorijiy tilni bilish darajasidan qat’i nazar (C1 yoki B2 sertifikatidan tashqari boshqa darajadagi) sertifikatga ega talabgorlar ham ishtirok etishiga ruxsat etildi.

«Muhim jihati o‘qishga qabul qilingan talabalar o‘qishi davomida talab etilganidek milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritishi lozim. Aks holda yakuniy davlat attestatsiyasiga ruxsat etilmaydi», — deyiladi xabarda.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirganlarga 2022 yil 20 dekabrdan 2023 yil 10 yanvarga qadar (shu kuni ham) magistr.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Tanlov natijalari bakalavriat diplomning o‘rtacha ballari asosida aniqlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra abituriyent filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida C1, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi belgilangan.