Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mehnatkashlari va kasaba uyushmalari a’zolarini O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan tabrikladi.

«Salkam 120 yillik tarixga ega O‘zbekiston kasaba uyushmalari faoliyati davomida yuksalish va pasayish davrlari ham yuz bergan, lekin bu tashkilot hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari hayotida yangi rivojlanish bosqichi boshlandi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi», — dedi u.

Yirik jamoat tashkiloti

Bugungi kunda kasaba uyushmalari o‘z saflarida 5,5 milliondan ortiq ishchilarni birlashtirgan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik jamoat tashkiloti hisoblanadi. Ushbu tizimda 34 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar faoliyat ko‘rsatib, soha bo‘yicha 6700 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar xizmat qilmoqda.

«Bugungi murakkab va shiddatli davr korxona va tashkilotlarda xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda va siz, azizlar bu borada har tomonlama faollik ko‘rsatasiz, deb ishonaman», — deya ta’kidladi prezident.

«Davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan bundan buyon ham doimiy qo‘llab-quvvatlash asnosida ishchi va xizmatchilarning mehnat huquqlarini ta’minlash va ularning ish haqi miqdorini oshirib borish bo‘yicha barcha imkoniyatlar safarbar etiladi. Chunki samarali mehnat qilish va uning rohatini ko‘rish — har bir inson hayotining ma’no-mazmunidir», — dedi davlat rahbari.

«O‘z oldimizga qo‘ygan ulkan va ezgu vazifalarni amalga oshirish, „El aziz, inson aziz“ degan olijanob g‘oyani yurtimizdagi har bir korxona va tashkilotda qaror toptirish, mehnatni farovonlik va baxt manbaiga aylantirish ko‘p jihatdan kasaba uyushmalari va ularning samarali faoliyatiga ham bog‘liqdir», — deya qo‘shimcha qildi u.

Mehnatkashlarning umummilliy bayrami

«Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan, inson qadri va uning sha’nini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosatning amaliy namoyoni sifatida 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga mehnatkashlar bayrami, umumxalq bayrami maqomini berish va ushbu kunni dam olish kuni deb belgilashni taklif etaman», — deya ma’lum qildi prezident.

E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan davrda soha xodimlarining sa’y-harakatlari bilan 5425 nafar ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 11 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ undirilgan.

Shu bilan birga, mehnat muhofazasi bo‘yicha 932 ta korxona va tashkilotdagi xodimlarning hayoti va mehnati uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 5 mingdan ziyod kamchilikning bartaraf etilgan.

Kasaba uyushmalari faollari tomonidan yoz mavsumi davomida respublika bo‘yicha 400 mingdan ziyod bolalarning oromgohlarda dam olishlari tashkil etilganini, 143 mingdan ortiq xodimlar va ularning oila a’zolari, 300 dan ortiq urush va mehnat fronti faxriylarining tizimga qarashli sihatgohlarda imtiyozli tarzda sog‘lomlashtirilgan.

Kasaba uyushmalari saroyi

Kasaba uyushmalari kunida Toshkentda Kasaba uyushmalari saroyi ochildi. U poytaxt markazidagi Respublika fond birjasining avvallari konsert zali va teatr bo‘lgan sobiq binosiga joylashdi. 2017 yil bahorida prezident «Jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy konsert zali» barpo etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan, shundan buyon bino taqdiri haqida hech qanday xabar yo‘q edi.

«100 yildan ortiq tarixga ega, o‘z vaqtida milliy san’atimiz va jahon madaniyatining mashhur darg‘alari o‘zining betakror va yorqin iste’dodini namoyon etgan Toshkent shahri markazidagi sobiq madaniyat maskani bugun yangi qiyofa kasb etib, „Kasaba uyushmalari saroyi“ sifatida qayta bunyod etildi», — deya ta’kidladi prezident.

«Ushbu san’at koshonasi kasaba uyushmalarining sa’y-harakati bilan o‘zbek madaniyati va san’atini yanada ravnaq toptirish, yosh avlodimizning ma’naviy dunyosini yuksaltirishdek ezgu ishga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shadi, deb ishonaman», — dedi u.