10 noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Ukrainaning favqulodda va muxtor elchisi Nikolay Doroshenko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Elchiga Ukraina Mudofaa vazirligi vakilining amaldagi sanksiya cheklovlarini chetlab o‘tib, ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berilgani haqida OAVda tarqalgan asossiz bayonoti munosabati bilan jiddiy xavotir bildirildi.

Ukraina tomonidan OAVda O‘zbekistonga oid noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.

«Shu bilan birga, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukraina tomonining rasmiy so‘rovlari kelib tushgan taqdirda, ularni qiziqtirgan masalalarni o‘rganish va xolis ma’lumot berishga tayyor», — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘z navbatida, elchi Nikolay Doroshenko O‘zbekiston tomonining xavotirlari va uchrashuv natijalarini Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatiga zudlik bilan yetkazishini ishonch bilan bildirdi.

Gap Ukraina razvedkasi Rossiyaga yordam berayotgan davlatlar qatorida O‘zbekistonni ham keltirgani haqida ketmoqda. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi vakili Vadim Skibitskiy La Repubblica nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

«Ular (Rossiya tomoni — tahr.) shuningdek, Xitoy va Shimoliy Koreyaga, ehtimol, Qirg‘izistonga ham qurol-yarog‘, shu jumladan „Smerch“ va „Uragan“ raketa tizimlariga [qismlarni] yetkazib berish bo‘yicha murojaat qilgan. Rossiyaga raketalarni ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan Amerika va Yaponiya raketaga zarur komponentlarini yetkazib berishda ko‘maklashayotgan Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi davlatlar ham mavjud», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, rossiyaliklarda harbiy paradlarda namoyish qilganchalik o‘ta zamonaviy qurollar mavjud emas. «Moskvaning yuqori texnologik qurollarni ishlab chiqarishga qurbi yetmaydi, shuning uchun boshqa davlatlarga murojaat qilmoqda», — deya tushuntirdi Ukraina razvedkasi.

Avvalroq, oktabr oyida ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon isroillik tadbirkor, «YUKOS» neft kompaniyasi sobiq rahbari Leonid Nevzlin bilan intervyusida O‘zbekistonda Ukrainaga qarshi qo‘llanilayotgan Eron dronlarini ishlab chiqarilayotganini aytgan edi. Uning bu bayonotini O‘zbekiston Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligi rad etib chiqqandi.

TIVning bayonotida, jumladan, Ukraina rasmiylaridan Ukraina ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston haqida asossiz ayblovlarni tarqatishga yo‘l qo‘ymaslik so‘ralgandi. Shundan keyingi chiqishida Dmitriy Gordon aslida O‘zbekistonni emas, Tojikistonni nazarda tutganini ta’kidlagan va «fashistik Rossiya hujumi tufayli hozir ro‘y berayotgan Ukraina fojiasiga befarq bo‘lmagani uchun» O‘zbekiston xalqiga minnatdorchilik bildirgan edi.