Toshkent hokimligi 3-noyabr kuni E-qaror portalida poytaxt xalq deputatlari Kengashining 2022-yilning olti oyidagi shahar budjeti daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi qarorlarini e’lon qildi. Biroq bir muncha vaqt o‘tgach, hujjatlar g‘oyib bo‘ldi. Ma’lumotlar jamoatchilik tanqididan so‘ng qayta tiklandi.

Hokimlik qarorlari, “xizmat doirasida foydalanish uchun” grifi ostidagi hujjatlar bundan mustasno, e’lon qilinadigan E-qaror tizimi 2021-yil 1-iyuldan ishga tushirilgan. O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmati ushbu sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi ochiqlikni oshirib, hokimliklar qarorlarini qalbakilashtirishning oldini olishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, hozirga qadar 255 mingdan ortiq hokim qarorlari birorta qog‘oz ishlatilmasdan elektron tarzda qabul qilindi, natijada 1,2 mln dona yoki 6 tonna qog‘oz tejaldi. Hokim qarorlarini ishlab chiqish va tegishli tashkilotlar bilan kelishishga ketadigan vaqt sezilarli darajada qisqardi (-25−30%).

Bugungi kunga qadar 255 mingdan ortiq hokim qarorlari qog‘ozdan foydalanmasdan elektron shaklda qabul qilingan. Bu 1,2 million varaq yoki 6 tonna qog‘ozni tejash imkonini berdi. Shuningdek, qarorlar ishlab chiqish va ularni tegishli tashkilotlar bilan kelishish muddatlari 25−30 foizga qisqartirildi, qarorlar loyihalarini yuridik xizmatni chetlab o‘tib, hokim imzosi uchun kiritish imkoniyati bekor qilindi.

Adliya vazirligining qayd etishicha, hokim qarorlari ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi — avval bunday imkoniyat bo‘lmagan.

Qonunchilikka muvofiq hokimliklar tomonidan ayrim hollarda foydalanilishi cheklangan axborotlarni (mudofaa, xavfsizlik, shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik hamda boshqalar) o‘z ichiga olgan qaror va farmoyishlar qabul qilinadi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, hokim (kengash raisi) hujjat loyihasini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi, imzolangan va maxsus raqam bilan ro‘yxatga olingan hujjatni Tizim bosh sahifasida avtomatik tarzda e’lon qiladi (yuqoridagi holatlar bundan mustasno).

Shunga ko‘ra, hokim (kengash raisi)ga qaror imzolanishidan avval mazkur hujjatni qabul qilinishi bilanoq Tizim bosh sahifasida avtomatik tarzda e’lon qilish yoki aksincha e’lon qilmaslik masalasini belgilash imkoniyati yaratilgan. Bunday huquqqa faqat hokim — kengash rahbarigina ega. Toshkent budjetiga oid hujjatlarga nisbatan bunday qarorlar hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan qabul qilinadi.

Hokim tomonidan qabul qilingan qarorlar ustidan nazorat nafaqat adliya organlari, balki prokuratura organlari tomonidan ham amalga oshiriladi. Jumladan, adliya organlari tomonidan hokimliklarning 2700 ga yaqin hujjatlari asossiz ravishda e’lon қилинмаgaни aniqlanib, keyinchalik ushbu qarorlar bilan tanishish ta’minlangan.

Shu bilan birga, taqiqlangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan 2100 dan ortiq hujjat asossiz nashr etilgani aniqlangan, shu sababli ularga kirish yopilgan.

Shuningdek, hokimlarning 3889 ta qaror va farmoyishlarida qonun hujjatlari talablari buzilganligi aniqlangan. Adliya organlari tomonidan ularning 3198 tasini bekor qilish va qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha 1265 ta chora ko‘rilgan. Natijada 2587 ta qaror bekor qilinib, qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi, 97 nafar mas’ul xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.

Huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun viloyat adliya organlariga taqdim etilgan 3138 ta hujjat loyihasining 1130 tasi yoki 36 foizi (har 3 ta taqdim etilgan hujjat) qabul qilish uchun nomuvofiq deb topilgan yoki rad etilgan.

Adliya vazirligining qayd etishicha, monitoring natijalariga ko‘ra hokim qarorlarining tizimda e’lon qilinishi yoki aksincha bunga cheklov qo‘yilishi ish jarayonida kuzatiladigan holat. “Biroq tashqi aralashuv orqali E-qaror elektron tizimi orqali ishlab chiqilgan va qabul qilingan hujjatlarni tizimdan o‘zgartirish yoki o‘chirib yuborish imkoniyati mavjud emasligi ma’lum qilinadi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Adliya vazirligi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, bu borada E-qaror elektron tizimi orqali qabul qilinayotgan qarorlarni e’lon qilinishida jamoatchilik nazorati o‘rnatilganligini va bu borada jamoatchilikning faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydi, deb ta’kidladi matbuot xizmati.