Oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 10-dekabrga qadar uzaytirildi, deya xabar qilmoqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi.

2022/2023-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklariga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar hamda o‘qishini ko‘chirayotgan va tiklayotgan talabalar uchun belgilangan kontrakt to‘lovlarini to‘lashning so‘nggi muddati joriy yilning 10-dekabriga qadar (shu kuni ham) uzaytirildi.

Bunga davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasining tegishli qarori asos qilib ko‘rsatilgan.

Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar, xorijiy (filiallar) va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan o‘qishini ko‘chiriyotgan talabalar uchun bir yillik o‘qitish qiymatining 50 foizini to‘lash va talabalar safiga qabul qilishning so‘nggi muddati ham 10-dekabr (shu kuni ham) etib belgilandi.