Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2022 yilning 9 oyida O‘zbekistonda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 27 mingdan ortig‘i — oilada, 3 mingdan ziyodi — ko‘chada, bir mingdan ortig‘i — jamoat joyida sodir etilgan.

Bu kabi holatlarga qarshi kurashish, og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollarga beg‘araz g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida mamlakatda bir necha o‘nlab nodavlat-notijorat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov Samarqand shahridagi «Rahmdillik» jamiyatida bo‘lib, uning rahbari, II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibasi Bibisora Oripova bilan suhbatlashdi.


— Bibisora opa, odatda inson boshidan kechirgan yoki yon-atrofida ko‘p guvoh bo‘lgan muammolarga qarshi kurashishga harakat qiladi. Aslida shifokorsiz, tibbiyot sohasida faoliyat yuritasiz. Ammo sizni ko‘pchilik ayollar huquqi himoyachisi sifatida taniydi. Bu yo‘ldagi faoliyatingizni boshlashingizga nima turtki bo‘lgan?

— O‘zim-ku zo‘ravonlikka uchramaganman, ammo yon-atrofimdagi shunday mazlumalarni ko‘rib nimadir qilgim kelaverardi. Men tug‘ilib, ulg‘aygan xonadonda ayollarga nisbatan mehr-muhabbat, e’tibor har doim kuchli edi. Hozir o‘ylasam, u paytlarda qishloqlarda hozirgidek shafqatsizliklar, ur-sur deyarli bo‘lmagan ekan. Ammo o‘qish uchun katta shaharga kelgach, xotin-qizlarga bo‘lgan turli salbiy munosabatlar guvohiga aylandim. Iste’dodli qizlar odamlarning gap-so‘zi ortidan biror kasb yo hunarni egallash maqsadidan voz kechardi. Garchi ota-onasi, yaqinlari ularni qo‘llab-quvvatlasa-da, baribir jamiyatning eskicha qarashi, fikrlashi tufayli qarshiliklarga uchraganlarni, orzularidan kechganlarni ham ko‘p ko‘rdim. Oilamizdagi qadriyatlar, dadamning qo‘llovi bois bunday holatlardan qattiq ta’sirlanardim.

«Rahmdillik» shelteri

1971 yili hozirgi Samqarqand davlat tibbiyot institutining davolash fakultetini tamomlagach, shahardagi kuyganlarni davolash markaziga ishga kirdim. O‘shanda 60 o‘rinli tibbiyot maskaniga jabrlangan ayollar ham olib kelinardi. Badanlari kuyib ketgan, qo‘l-oyog‘i qimirlamaydigan juvonlarning achinarli ahvoliga rahmim kelganidan suhbatlashib o‘tirardim. Har birining dardini tinglab, dalda berardim. Jonidan to‘yib, o‘ziga o‘t qo‘ygan ayollar ham bo‘lardi. Ularni ko‘pchilik ruhiy kasal, deb o‘ylardi. Lekin gaplashib, ko‘pchiligi juda keng fikrlaydigan, aqlli ayollar ekaniga guvoh bo‘lardim. Vaqt o‘tib, shifoxonadagi ayollarga bog‘lanib qoldim, ketgim kelmasdi. Qandaydir yordam bersam derdim.

Kuzatib, tahlil qilsam, ayollar tibbiyot maskanida oylab, yillab yotib, davolanib chiqyapti, ammo boradigan joyi yo‘q. Eri olib ketmasdi. Ota uyiga boray desa, u yerda kelinlar, aka-ukalar qabul qilmaydi. Xo‘sh, unda ular qayga borsin? Mana shu savol meni ko‘p qiynardi. Oxiri viloyat xotin-qizlar qo‘mitasiga borib, rahbarlarga bu muammoni yechish uchun taklifim borligini aytdim.


Bilsangiz, o‘sha paytlari fabrikalar ko‘p bo‘lardi. Hokimlik vakillari bilan maslahatlashib, shifoxonadan tuzalib chiqqan chorasiz ayollarni kiyim-kechak ishlab chiqaradigan fabrikaga vaqtinchalik joyladik. Kunduzi fabrikada ishlab, kechasi o‘sha yerdagi yotoqxonada uxlashardi. Haftada bir necha kun shifoxonaga ko‘rikka borib kelishardi. Bir vaqtning o‘zida «Bilim jamiyati»da ham ishlab, hududlarda seminarlar o‘tardik, odamlarga maslahatlar berardik. Shu tariqa ayollar huquqlarini himoya qilish borasida tajriba orttira boshladim.

— «Rahmdillik» nodavlat-notijorat tashkilotiga qachon asos soldingiz?

— 1995 yili Samarqandda «Sabr» nomli ayollar uchun ishonch markazi ochilgandi. Taklifga ko‘ra, u yerda psixolog bo‘lib ishladim. Kechalari navbatchilikda turardim, qo‘ng‘iroq qilgan xotin-qizlarning muammosini eshitib, maslahatlar berardim. Bir necha yil o‘tib, «Sabr» qoshida Qizil yarim oy jamiyati ko‘magi bilan to‘rt ayolga mo‘ljallangan xonada ilk qadamlarimizni boshladik.

1998 yili «Umid» reabilitatsiya markazini ochishga muvaffaq bo‘ldik va Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazib, nizom hamda guvohnomamizga ega bo‘ldik. Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida ham bo‘limlar ochdik. Bizga asta-sekin respublikaning turli hududlaridan murojaatlar tusha boshladi. 1999 yili AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi grant ajratdi. O‘sha mablag‘ hisobidan shu atrofdagi yon qo‘shnilarimizning ayrimlarining uyini sotib oldik va joylar sonini ko‘paytirdik. Faoliyatimiz kengaygani sari yana turli tashkilotlar tomonidan grantlar ajratildi. Zo‘ravonlikka qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida chekka qishloqlarga borib, aholi bilan uchrashuvlar, seminarlar o‘tkazdik. 2005 yilga kelib tashkilotimiz yopildi.


— Nima uchun?

— Andijon voqealaridan keyin O‘zbekistondagi barcha NNTlar qayta ro‘yxatdan o‘tkazila boshlandi. Afsuski, tashkilotimiz Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tmadi. Yopish uchun ariza yozib chiqayotsam, vazirlikning rus millatiga mansub xodimasini ko‘rib qoldim. Unga «Tashkilotni yopdik, markazdagi ayollarni olib kelib beraman, o‘zlaringiz qaraysizlar», dedim. «Sizni juda yaxshi tushunaman, oldingizga yordam berish uchun bir guruh ayollarni yuboraman, birga ishlang», deya javob qaytardi. Ertasiga bir qancha rusiyzabon ayollar kelib, takliflarini bildirdi. Ularning «Rahmdillik» jamiyati nomli tashkiloti nogiron ayollar va bolalarga yordam berarkan. Biz ularga markazimiz balansidagi barcha mol-mulkimiz bilan a’zo bo‘ldik. O‘sha vaqtdan beri tashkilotimiz «Rahmdillik» jamiyati deb ataladi. 2007 va 2014 yillari yangi nizom bilan qayta ro‘yxatdan o‘tdik va mustaqil faoliyat yuritamiz.

2010 yili Italiyada o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro tanlovda qatnashib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Xotin-qizlar zo‘ravonligiga qarshi kurashayotgan afrikalik va italiyalik ayollar mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. Menga mukofot sifatida 53 ming yevro berishdi. Ammo o‘sha vaqtlarda nomingizga chet ellik biror fuqaro yoki tashkilotdan 500 dollardan ko‘p mablag‘ o‘tkazilsa, kunlab so‘roq-savol qilishardi. Mukofot pulimni olish uchun ko‘plab banklarga kirdim, iloji bo‘lmadi. Hatto Italiya elchisi ham olib berolmadi. Oxiri tanlov tashkilotchilari Amerikadagi qizimning hisob raqamiga o‘tkazishdi, qizim esa menga yubordi. Shunday qilib, mukofot pul bilan sakkiz yil faoliyat yuritdik. Bu vaqt ichida bir necha yuzlab xotin-qizlarga amaliy yordamlashdik.


— «Rahmdillik» jamiyatining faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Ayollar ko‘proq qanday masalalar bilan murojaat qiladi?

— 2019 yilda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingach, hukumat biznikidek markazlar bilan yaqindan hamkorlik qilishni boshladi. Gender tengligi va oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani quvonarli holat. Buning uchun hukumatdan minnatdorman. Ehtimol, ularning kamchiliklari ko‘pdir. Lekin tashkilotimizga nisbatan e’tibor yaxshi, grantlar ajratiladi, bu yerdagi ayollar qo‘llab-quvvatlanadi. Hozir erkin ishlaymiz, to‘siqlar yo‘q. Hududlarda ham aholi bilan bemalol uchrashib, muloqot qilamiz. Mahallalar, huquq tartibot organlari va davlat tashkilotlari bilan yaqin hamkorligimiz bor.

Tashkilotimiz og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan ayollar va ularning farzandlariga vaqtinchalik boshpana berib, psixologik va tibbiy ko‘mak, huquqiy yordam ko‘rsatadi. Eng asosiy maqsadimiz bu yerdagi ayollarni zo‘ravon yaqinlaridan himoya qilishdir. Markazimizga, asosan, 20−40 yoshlar oralig‘idagi ayollar turli masalalarda murojaat qiladi. Ularning har birini individual o‘rganganimizda ko‘pchiligi ishsiz, hunarsiz bo‘lib chiqadi.


Oxirgi yillari qaynona-kelin munosabatlariga jiddiy darz ketayotganini murojaatlardan ham bilish mumkin. Qaynonasi sabab xo‘jayini bilan janjallashib, kaltak yeyayotgan ayollar bor. Bu yerda yashayotganlarni suhbatga tortsangiz, ko‘pchiligi na erining, na o‘zining nomida hech narsa yo‘qligini aytadi. Shuning uchun ikki-uch bolasi bo‘lishiga qaramay, qaynona-qaynota yoki er haydab yuborsa, indamay uydan chiqib ketadi.

Markazga kelgan bolali ayollarga mahalla va hokimlik vakillari bilan birga plastik karta ochib beramiz. Oyma-oy bolalar puli tushib turadi. Bu malblag‘ga biz berayotgan bepul oziq-ovqatlardan tashqari, nimadir yegisi kelsa, o‘shani sotib oladi yoki boshqa ehtiyoji uchun ishlatadi.

Ayollarga bu yerda bir yilgacha yashab turishini aytamiz. Bu vaqt ichida ko‘pining muammosini hal qilamiz, ya’ni oilasi bilan yarashib oladi yoki o‘z yo‘lini topib ketadi. Hunarsizlar hunar o‘rganadi, ishsizlarini hokimlik yordamida ishga joylaymiz. Ammo bir yildan ko‘p vaqt yashaydiganlar ham bor. Ularning muammosi juda chigal va yechim uchun uzoq muddat talab etiladi. Shu sababli chiqarib yubora olmayman.

— Bu yerdagi ayollar qaysidir ma’noda erkin hayot kechiradi. Ya’ni qaynonasi va turmush o‘rtog‘i bo‘lmaydi, janjal holatlarini ko‘rmaydi. Qolaversa, yetarli sharoitlar ham mavjud: tinch, yeb-ichishi va yotog‘i bepul, hunar o‘rganish imkoniyati bor. Bunday yashash tarziga o‘rganib, ketishni xohlamaydigan ayollar ham uchrab turadimi?

— Gapingiz to‘g‘ri. Tinch hayotda yashashni har bir inson istaydi. Lekin uzog‘i bir yilgacha boshpana bera olamiz xolos. Mahalla raislari, hokimlik vakillari bilan hamkorlikda oiladagi muammoni hal qilganimizdan so‘ng ko‘plab er-xotinlar yarashib ketadi, ayol uyiga qaytadi. Biz hech qachon birovni majburlamaymiz. Agar majburlasak, biroz vaqt o‘tib, yana oilada zo‘ravonlik bo‘lishi, ayol qaytib kelishi mumkin.

Qaynonasi yoki eri sabab turmushini davom ettirishni xohlamaydigan ayollarga ijtimoiy uylar olishda yordamlashamiz. Oldingi yillari kredit, subsidiyaga uylar berilgan bo‘lsa, joriy yildan boshlab viloyat hokimi tashabbusi bilan og‘ir ahvoldagi, yolg‘iz ayollarga bepul ijtimoiy uylar ajratilmoqda. Shu yil shelterimizdagi yetti nafar ayolga uy olishda yordamlashdik. Ular endi o‘z aravasini o‘zi tortadi.


— «Rahmdillik»da ma’lum vaqt yashab ketgan ayollar bilan hozirgi kunda munosabatlaringiz qanday?

— Bu uydan ketgan qizlarim, singillarimning ko‘pchiligi haligacha meni yo‘qlab turadi. Ayrimlari turmush o‘rtog‘i yoki qaynonasi bilan birga kelib, minnatdorchilik bildiradi. Shuni alohida aytmoqchimanki, yigirma nafardan ortiq ayollar volontyor sifatida bizning yaqin ko‘makchimizga aylangan. Ular shu yerda yashab, turli treninglarda bilimini oshirgan, dunyoqarashi o‘zgargan, zo‘ravonlikka qarshi kurashadigan shaxs bo‘lgan. Hammasi o‘z hududida xotin-qizlar, qaynonalarga seminarlar o‘tib, bizga yordamlashadi.

— Bugungi kun odamlari, ayniqsa, xotin-qizlarning zo‘ravonlik holatlariga nisbatan munosabatini qanday baholaysiz?

— Oldingi davrda biror ayol ko‘chaga chiqib, «Erim meni urdi», demagan. «Yiqilib tushdim», «Yuzimni derazaga urib oldim», deya turli bahonalar bilan dardini ichiga yutib yashagan. Chunki u shunday tarbiya ko‘rgan va jamiyatdagi an’analarni buza olmagan. Eri ko‘chaga haydasa ham otasining uyiga qaytib bormay, qo‘shnisinikida tong ottirgan. Bunday ayollar juda ko‘p bo‘lgan va hozir ham bor.

Vaqtlar o‘tib, rivojlanish natijasida va qonunlar ishlagani uchun ayollar huquqlarini bilishni boshladi. Oxirgi vaqtlarda jamoatchilik ham zo‘ravonlik holatlariga jiddiy qaramoqda. Qilmishi uchun qonun oldida javob berayotganlarni ham ko‘ryapmiz.


— Ayollar muammosi bilan ishlashda psixologlarning ahamiyati qanchalik, deb o‘ylaysiz?

— Institutda o‘qiganimda psixologiya fanidan psixiatrlar dars o‘tardi. U davrlarda ham psixologiya rivojlanmagan edi. Shu yoshga yetguncha ko‘p holatlarni ko‘rdim, turli harakterdagi va vaziyatdagi xotin-qizlar bilan muloqot qildim. O‘ziga o‘t qo‘ygan yoki joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan ayollar unga yaxshi gapiradigan, qiyin vaziyatlarida dardini eshitib, muammosiga yechim topishga ko‘maklashadigan odam bo‘lmagani uchun ruhan og‘ir holatga tushganini ta’kidlardi. Bugungi kunda ham ruhan qiynaladigan opa-singillarimiz ko‘p. Shuning uchun bu yerga keluvchi ayollarni birinchi o‘rinda psixologiyasi bilan jiddiy shug‘ullanamiz. Psixologlarimiz suhbatlashib, boshidan kechirgan qiyinchiliklarini eshitadi, shunga qarab muammosini hal qilishga kirishamiz.

O‘zbekistonda ham psixologiya sohasini rivojlanishini juda xohlayman. Ammo qimmat psixologiyani istamayman. Yaqinda bir psixologga oldimizga keling, mijozlaringizni qabul qilib, ishlashingiz uchun bepul joy beraman, orada shelterdagi ayollar bilan ham ishlaymiz, dedim. Ammo u mendan bir necha million so‘m maosh berishimni so‘radi. Uning gapini eshitib, xayron qoldim va hamkorlikda ishlashni rad etdim. U esa kuniga bir million atrofida pul topishini aytdi. Shunda bildimki, bizda psixologlarning kamligi uchun u kabilar katta-katta narxni belgilab, aholi bilan ishlarkan. Agar bizda psixologiya rivojlansa, odamlar ko‘p muammolarini ruhan yenga oladi, o‘zida kuch topadi. Erkakmi, ayolmi, hammaga psixolog kerak baribir.

— Farzandlaringizni faoliyatingizga bo‘lgan munosabati qanday? «Shu yoshingizda nabiralar bag‘rida keksalik gashtini sursangiz bo‘lmaydimi?», deyishsa kerak?


— Hech qachon qarshilik qilishmagan. Chunki o‘g‘il va qizlarimning hammasi faoliyatimni ko‘rib, ulg‘aydi. Ular zo‘ravonlik nimaligini yaxshi biladi, jabrlangan ayollar bilan gaplashib, muammosini hal etganlarimizni ko‘p marta guvohiga aylangan. Shu bois zo‘ravonlikni doim qoralab, meni qo‘llab-quvvatlab turishadi. Ba’zan «Aya, shelterdagi ayollar muammosi bilan ishlab, energiya olasiz-da!», deb qo‘yishadi (kuladi). Haqiqatan, shu yerdagi qizlarim, singillarimdan kuch olaman, o‘zim ham ularga kuch, ishonch berishga harakat qilaman.

— Bu yerga zo‘ravonlikka uchragan ayollardan tashqari, baland martabali amaldorlar, xorijlik mehmonlar ham tez-tez kelishi haqida ko‘p eshitganmiz…

— To‘g‘ri, turli lavozimlarda ishlaydigan O‘zbekistondagi va xorijlik rahbarlar kelib, men va ayollar bilan muloqot qiladi. Misol uchun, 2 noyabr kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok shelterimizga tashrif buyurdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov mehmonlarga meni tanishtirayotgan vaqtida «Bu ayol davlat madhiyasini yozgan mashhur shoirimiz Abdulla Oripovning singlisi bo‘ladi», dedi. O‘sha payt ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi, xursandligimdan yig‘lab yuboray dedim.


Foto: Vladimir Norov / Twitter.

Annalena Berbokning aytishicha, uning o‘zi ham ko‘p yil davomida xotin-qizlarning muammolari — gender tenglik, ayollar zo‘ravonligi kabi masalalar bilan shug‘ullangan ekan. Shuning uchunmi, faoliyatimizga qiziqishi balandligini ta’kidlab, turli savollar berdi. Bu yerdagi ayollarning ayrimlari bilan suhbatlashdi. Qisqasi, deyarli har hafta bitta mehmon kutib olamiz, bu an’anaga aylangan.


— Siz yordam berayotgan xotin-qizlarning ahvolini yengillashtirish uchun davlat, jamiyat nimalar qilishi kerak?

— Yuqorida aytganimdek, 2019 yilda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Biz shu qonunni bayroq kabi ko‘tarib, aholi orasiga ham kiramiz, mutasaddilar eshigini taqillatib ham boramiz.

Noshukrlik qilishni yoqtirmayman va xohlamayman. «Rahmdillik» jamiyatining obro‘i bu — mening obro‘im. NNT nomidan qaysi tashkilotga yordam so‘rab borsam, albatta, ko‘mak berishadi. Tibbiyot, ta’lim muassasalari beminnat xizmat ko‘rsatadi. Ular biz bilan hamkorlik shartnomasi tuzishga ko‘nishmasa-da, ammo shelterdagi ayollarni shifokorlar bepul ko‘rikdan o‘tkazadi, farzandlarini bog‘cha, maktablar ham qabul qiladi.

Yaqinda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida mana shu binoimiz qayta ta’mirlanib, mebellar bilan jihozlandi. Bunday e’tibor, yordamlarni ochiq aytishim kerak. «Hech kim yordam bermayapti», deb nolisam katta xato bo‘ladi.

To‘g‘ri, ayrim mahalla raislari yoki o‘sha hududning ichki ishlar inspektori o‘z vaqtida yordam bermaydi, ularni topishda qiynalamiz. Bizning jamiyatga kelgan har qanday ayolning muammosini hal etishda u yashagan tuman va MFY mas’ullari ham bizga yaqindan ko‘maklashsa, ishimiz tez bitardi.


Shuningdek, atrofimizdagi odamlarning ham zo‘ravonlik holatlariga nisbatan qarashi, fikrlashi o‘zgarishini istayman. Ayol ham inson, uni asrab, avaylash kerak. Xato qilsa urib emas, yaxshi gapirib tushuntirish lozim.