Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda uy-joy sharoitlarini yaxshilashda yashil ipoteka kreditlarini kengaytirishga yordam berish uchun 150 million dollar miqdorida kredit ajratadi, deb xabar qildi bank matbuot xizmati.

Osiyo taraqqiyot bankining ipoteka bozori sektorini rivojlantirish dasturi doirasidagi kredit mablag‘i O‘zbekiston ipoteka kreditlarini qayta moliyalash kompaniyasining uy-joy ipotekasi, turar-joylarni obodonlashtirish va «yashil» moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

O‘zbekistonda qarz oluvchilar «yashil» ipoteka kreditlaridan isitish va sovutish tizimlarini ta’mirlash yoki o‘rnatish, quyosh panellarini o‘rnatish, gidroizolyatsiyani yaxshilash va energiya samaradorligini oshirish uchun foydalanishlari mumkin.

«Xavfsiz va farovon uy — insonning asosiy huquqi va biz O‘zbekistonda hamyonbop ipoteka kreditlari imkoniyatlarini oshirishga yordam berganimizdan mamnunmiz», dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Evgeniy Jukov. «Biz, shuningdek, ushbu dastur uy egalariga o‘z uylarining energiya samaradorligini oshirishga yordam berishi va iqlim o‘zgarishini yumshatishga hissa qo‘shishidan xursandmiz».

OTB ko‘magida ipoteka kreditini qayta moliyalash kompaniyasi yashil ipoteka mahsulotlari uchun muvofiqlikni baholash va energiyani tejash hisob-kitoblarini o‘z ichiga olgan «yashil» ipoteka vositalari to‘plamini ishlab chiqadi va amalga oshiradi. OTB dasturi doirasida kreditlarning kamida 32,5 foizi ayollarga berilishi kerak.