O‘zbekistondagi maktablarning atigi 3 foizida o‘quv harbiy qurollari mavjud. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 1 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, deputat, O‘zbekiston xalq shoiri Iqboljon Mirzaaliyev (Iqbol Mirzo) ma’lum qildi.

Yig‘ilishda Xalq ta’limi vazirligining maktablarda chaqiruvgacha bo‘lgan dastlabki tayyorgarlik va o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha deputatlik so‘roviga munosabati muhokama qilindi. Iqboljon Mirzaaliyevning aytishicha, avvallari Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoat birlashmasi o‘rganib, maktablarda bu boradagi ishlarni ko‘p tanqid qilib kelgan.

Uning fikricha, mamlakat mudofaasi maktablardagi ta’lim bilan bog‘liq.

«5−6 yil ilgari maktablarimizdagi sharoitlar juda yomon edi. Lekin hali ham juda keskin yaxshilangani yo‘q. Ayniqsa mutaxassis o‘qituvchilar yetishmasdi. O‘qituvchilarga oylik masalasida muammolar bor edi. Harbiy xizmatdan bo‘shagan yuqori toifali ofitserlarni dars jarayoniga jalb qilish juda ham to‘g‘ri yechim bo‘ldi. Chunki harbiy tajribasi bor odamlarning bevosita o‘quvchilar bilan muloqotlari, darslari boshqacharoq ta’sir ko‘rsatadi», — dedi u.

Deputatning aytishicha, mamlakatdagi maktablarning atigi 3 foizida o‘quv harbiy qurollari va o‘q otish tirlari mavjud.

«Mana shu sharoitda qo‘liga qurol ushlab ko‘rmagan bolada qanday qilib vatanparvarlik tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Biz o‘qigan paytlarda hamma maktablarda kamida o‘ntadan AKM avtomatlari bo‘lardi va buni qo‘limizda ushlab, zavqini tuyganmiz. To‘g‘ri, keyingi paytlarda ba’zi bir mulohazalar bilan bu qurollar yig‘ishtirib olindi. Lekin mana shu masalada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Hatto ba’zi bir maktablarimizda haligacha harbiy saf maydonlari ham yo‘q. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsam, bu masalaga jiddiy qarab, nazoratini yo‘lga qo‘yish kerak», — deydi Iqbol Mirzo.

U Amir Temurga tegishli ekanini aytgan «Tinchlik istasang, urushga tayyorlan» iqtibosini keltirdi. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Si vis pacem, para bellum» iborasining matni Rim tarixchisi Kornelius Ieposga (miloddan avvalgi 94−24) tegishli. Qadimgi davrlarda bu ibora aforizm bo‘lib qoldi. Keyinchalik ibora Rim harbiy yozuvchisi Vegetiy tomonidan bir oz o‘zgartirilgan holda takrorlangan.

«Temur bobomizning: „Agar tinchlikni istasang, urushga tayyor tur“, degan mashhur gaplari bor. Sobiq sho‘ro hududida bo‘layotgan voqealar, qisman mobilizatsiya e’lon qilingach vatanini tashlab ketayotgan yuz minglab odamlar, yigitlar bugungi masalaning jiddiy ekanini ko‘rsatyapti», — deya ta’kidlagan deputat.

21 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan «qisman safarbarlik» e’lon qilinganidan keyin 400 mingga yaqin rossiyalik mamlakatni tark etdi, deb xabar berdi DW noyabr oyi boshida.

9 oyda O‘zbekistonga 395 mingdan ortiq Rossiya fuqarosi kelgan bo‘lsa, ularning 80,5 foizi ichki ishlar organlarida ro‘yxatga olingan. Ularning yarmidan ko‘pi so‘nggi oylarda — iyuldan sentabrgacha mamlakatga kelgan.