O‘zbekiston Transport vazirligi Toshkentga tramvayni qaytarishning zaruratini o‘rganadi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tramvayga bo‘lgan zarurat transport ehtiyoji ko‘rsatkichlari — aniq bir yo‘nalish bo‘ylab bir soat ichida qancha odam harakatlanishiga qarab hisoblab chiqiladi. Aniq yo‘nalishlardagi transport ehtiyojini belgilash uchun esa Toshkentning makromodelini ishlab chiqish zarur.

«Buning uchun biz uchta keng ko‘lamli o‘rganish o‘tkazishimiz kerak: shaharning 300 ta nuqtasida va aglomeratsiyaga kirish nuqtalarida transport oqimlarini o‘lchash, „bortda“ yo‘lovchilar oqimini va 40 ta bekatda yo‘lovchilar aylanmasini o‘rganish va, uchinchisi — bu eng ko‘lamli o‘rganish — aholining harakatchanligi to‘g‘risida ijtimoiy so‘rov. Ushbu tadbirlardan so‘ng biz transportga bo‘lgan ehtiyojning makromodelini shakllantiramiz», — dedi Murod Abidov.

Agar hisob-kitoblar tramvayni qaytarishga zarurat borligini ko‘rsatsa, u holda tramvay tarmog‘i «avvalgidek an’anaviy ko‘rinishda emas, balki [ma’lum bir yo‘nalishlarda], o‘ta katta sig‘imli transport kelgusida [shahar] manzarasini beton ustunlardagi kontakt simlar bilan to‘ldirmay, ma’lum bir maydonlarni kesib o‘ta olishi uchun kontakt relslar bilan uyg‘unlikda tashkil etilishi mumkin».

Bitta tramvayning sig‘imiga doir minimal talab, Murod Abidovning so‘zlariga ko‘ra, 280 kishini tashkil etadi. Dastlab transport ehtiyoji eng yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda alohida harakatlanish bo‘laklari bo‘ylab o‘ta katta sig‘imli — 16 va 18 metrli elektrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

«Agar transport ehtiyoji [elektrobuslarda] ko‘rsatilayotgan xizmat hajmidan oshib ketsa, shundan so‘ng undan ham kattaroq sig‘imli boshqa transport turiga o‘tamiz», — dedi Murod Abidov.

Ayni vaqtda, tramvay liniyalari yo‘lning o‘rtasida joylashadimi yoki yoqasida — bu haqda gapirishga hali erta, deya qo‘shimcha qildi mutaxassis. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror ko‘cha-yo‘l tarmog‘ining geometrik xususiyatlari va shaxsiy avtotransport vositalari harakatini inobatga olgan holda qabul qilinadi.

«Tramvayning qurilishi ko‘p vaqt va resurs oladi, shuningdek, ma’ulm bir yondashuvni talab qiladi. Bunda gap iqtisodiy jihat va zarurat haqida bormoqda. Mana shu ikki omilning roli kichik emas. Bu shunday jiddiy loyiha. Bunga juda jiddiy yondashuv zarur», — dedi u.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborotiga ko‘ra, Toshkentda doimiy ro‘yxatga olingan mashinalar soni 30 sentabr holatiga ko‘ra 711 ming donaga yetgan (bir oyda 14 mingtaga ko‘paygan). Shaharga har kuni kirib-chiquvchi avtomobillar soni esa 260 mingtani tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, Toshkent ko‘chalari bo‘ylab har kuni 900 mingdan ortiq avtomobil harakatlanadi, vaholanki ko‘chalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati atigi 312 mingta mashinaga teng — shunda harakatlanish qulay va tirbandliklarsiz kechadi. Hozirning o‘zidayoq Toshkentda transportning haqiqiy soni mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichdan 3 barobar ko‘p.

«Biz mashinalar muntazam harakatlanadigan ko‘chalarni, bir polosalisidan tortib yetti polosalisigacha hammasini tahlil qilib chiqdik. Polosalar uzunligini qo‘shib chiqib, 4688 km degan songa ega bo‘ldik. Bu sonni oqimdagi har bir avtomobil harakatlanishi uchun zarur bo‘lgan 15 metrga bo‘ldik va shunday qilib 312 mingta mashina kelib chiqdi», — deya qayd etdi Murod Abidov.

«Biz shahar aholisining harakatlanishga nisbatan o‘sib borayotgan ehtiyojini albatta qondirishimiz lozim. Bu Toshkent aholisi uchun xuddi oziq-ovqat, ta’lim va tibbiyot kabi eng zarurat narsalardan biri. Biz kafolatlangan tezlik va vaqt bilan harakatlanadigan hamda shaxsiy transport bilan raqobatlasha oladigan jamoat transportini taqdim etishimiz shart», — deya qayd etib o‘tdi mutaxassis.

O‘zingiz jamoat transportidan foydalanishga tayyormisiz, degan savolga Murod Abidov shunday javob berdi: «Albatta, agar raqobatli vaqtda jamoat transporti orqali harakatlanish imkoniga ega bo‘lsam, men bajonidil jamoat transportiga o‘taman, chunki u menga aniq vaqt ichida kerakli manzilimga yetib olish kafolatini beradi».

«Hozir, shaxsiy transportda yo‘lga chiqadigan bo‘lsam, u o‘zimning mashinam bo‘ladimi yoki xizmat mashinasimi, farqi yo‘q, men yo‘l vaqtini va qanday yetib olishimni oldindan aniq rejalashtirolmayman va oqibatda tirbandlikda qolmaslik uchun turli yo‘nalishlarni ko‘rib chiqishimga to‘g‘ri keladi. Hatto vaqt zaxirasiga ega variantni tanlasam ham, ko‘pincha kechikib kelaman. Shuning uchun ham biz jamoat transportini aniq hisob-kitobli vaqt bilan ta’minlamoqchimiz, toki u o‘zgarmasin va konstanta bo‘lib qolsin», — dedi u.

Masala tarixi

Mintaqadagi eng qadimiy va yirik tramvay tarmog‘i hisoblangan Toshkent tramvayi 115 yillik faoliyatidan so‘ng 2016 yil mayida yopilgan edi. Shundan keyingi yillarda uni qayta tiklash masalasi ko‘tarilmadi. Tramvay ehtimoliy konsepsiya va rejalarning birortasida jamoat transporti turi sifatida ko‘rilmadi, amaldorlar esa u haqdagi savollarga javob bermaslikni ma’qul ko‘rardi.

Poytaxtga tramvayni qaytarish zarurligi haqida ilk bor 22 yanvar kuni telejurnalist Xayrulla Nuriddinov prezident Shavkat Mirziyoyevning ish haftasi sharhiga bag‘ishlangan «Menimcha» ko‘rsatuvi efirida aytib o‘tdi. 10 fevral kuni esa Samarqandda tashrif bilan bo‘lib turgan prezident shunday dedi: «Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada ko‘plab xatlar va murojaatlar kelyapti». Biroq shundan beri biror bir aniq reja yo loyiha e’lon qilingani yo‘q.

Yaqinda taqdimoti bo‘lib o‘tgan Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasida ham tramvayga emas, balki tezyurar avtobusga ustuvorlik berilgan. Loyiha mualliflari tramvay tarmog‘ini qurish juda qimmatga tushadi, ammo uzoq muddatli istiqbolda tramvay arzonroq va nisbatan samarali transport turi, degan fikrga kelgan.